Odamlarga mehr-oqibat ko'rsatish bugun har qachongidan ham muhim
Ayni paytda butun dunyo bo'ylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi jahon hamjamiyatini yagona maqsad – kasallikni engish yo'lida birlashtirdi. Mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida qabul qilingan tezkor qarorlar esa pandemiyaning salbiy ta'sirini kamaytirish, xalqimiz orasida keng tarqalib ketishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Surxondaryo viloyatida ham koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlar kuchaytirilgan tartib asosida amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda davlat va nodavlat tashkilotlar, saxovatpesha tadbirkorlar, sanitariya-epedemiologik osoyishtalik markazi mutaxassislari, tibbiyot xodimlari faol ishtirok etayotir.
Viloyat sanitariya-epedemiologik osoyishtalik markazi tomonidan tashkil etilgan otryadlar Termiz shahri va tumanlarda korxona, tashkilot va ijtimoiy soha ob'ektlarini muntazam dezinfeksiya qilmoqda. Xalqimiz qadimdan boshiga tashvish tushgan pallada borini yurtdoshlari bilan baham ko'radigan, og'ir paytlarda ulardan mehr-muruvvatini ayamaydigan, hamisha elga suyanch bo'ladigan saxovatli insonlardir.
Surxondaryo viloyatida davlat va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar va saxovatpesha insonlar ehtiyojmand oilalarni qo'llab-quvvatlab, ularni bepul oziq-ovqat mahsulotlari, himoya niqobi, antiseptik vositalar bilan ta'minlamoqda.
"Hunarmand" uyushmasining Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan Termiz shahrida 18 ta kam ta'minlangan oilalar va 3 nafar ehtiyojmand nogironligi bor hunarmandlar xonadonlariga ro'zg'or uchun kerakli oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berildi.
– Yurtimizda kasallik bilan bog'liq holatning aniqlanishi barchamizni xavotirga tushmasdan, yanada ogoh bo'lish, belgilangan tartib-qoidalarga qat'iy amal qilish, og'ir damlarda bir-birimizga elkadosh, mehr-muruvvatli bo'lishga chorladi, –deydi "hunarmand" uyushmasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig'i Muhayyo Jo'raeva. – Shu kunlarda Termizda uyushmamiz a'zosi, faol hunarmand O'raltosh Xurramova bilan birgalikda tibbiy niqoblar tikib, aholiga bepul tarqatishni yo'lga qo'yganmiz. Bu kabi xayrli ishlar hunarmandlarimiz tomonidan viloyatimizning boshqa tumanlarida ham amalga oshirilmoqda.
Bunday e'tibor, bag'rikenglik bor joyda odamlarning ko'ngli ko'tarilib, himoyani his qilishi har qanday dardning oldini olishga yordam berishi shubhasiz.