Muzrabotning eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan "Bog‘i eram" mahallasi obod go‘shaga aylandi
Prezidentimizning
topshiriqlari asosida viloyatimizdagi eng og‘ir hududlardan sanalgan 4 ta mahalla
tanlab olinib, keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari boshlangan
edi. Bugun ana shu mahallalardan yana biri, Muzrabot tumani markazidan 35 km uzoqlikdagi
“Bog‘i eram” mahallasida ham qurilish va bunyodkorlik ishlari yakunlanib, aholiga
foydalanishga topshirildi.
Mahallada “Obod
xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” dasturi asosida 80 ta xonadonni ta’mirlash,
1 km davlat ahamiyatidagi, 1,7 km ichki yo‘llarni asfaltlash, 13,1 km tuproq yo‘llarni
toshlash, 1 350 metr piyodalar yo‘lagi qurish, 7 ta transformator punktini ta’mirlash,
71 ta temir-beton ustunlar o‘rnatish, 4 km oqova suv tarmoqlarini qazish, mahalla
uchun yangi idora va tikuvichilik korxonasi hamda hududdagi beshta mahallaga kirib
boruvchi yo‘lda yangi ko‘prik qurish ishlari amalga oshirildi.
Dastur asosida bunyod
etilgan, yangidan ta’mirlangan obektlarning foydalanishga topshirish tadbirida Surxondaryo
viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Prezident davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari
Ulug‘bek Muhammadiev hamda viloyat IIB boshlig‘i 3 sektor rahbari Abduvohid Ismoilovlar
ishtirok etishdi.
Mahalla ahlini yangilanishlar
bilan muborakbod etgan viloyat hokimi, “Mehnat faxriysi”, “Tabiat himoyachisi” va
“Eng yaxshi tibbiyot xodimi” ko‘krak nishonlarini o‘z egalariga topshirdi.
Shundan so‘ng, mahalla
ahli uchun qo‘shaloq bayram shodiyonasi kuy qo‘shiqlarga ulanib ketdi, tadbir davomida
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar organlari xodimlarining jangovar shaylik asosida
tayyorlangan chiqishlari mahalla ahlining ona vatanga bo‘lgan muhabbatini yanada
oshirishga xizmat qilib, ular qalbida shu vatanda yashayotganligidan faxr va iftixor
tuyg‘ulari jo‘sh urdi.
Endilikda Bog‘i eramliklar
ham ko‘chalari ravon, kommunal xizmatlari barqaror bo‘lgan, yangilangan mahallada
hayot kechirishadi.