14 Fevral 2022 yil 286

Muzrabotdagi chegara oldi mahallalarda IIB boshlig'i kubogi musobaqalari o'tkazildi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvar kunidagi "mahallada yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-92-son qarori ijrosini ta'minlash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Muzrabot tumanining chegara oldi hududlarida joylashgan "chegarachi", "Fayzobod", "Guliston", "bog'i Eram" va "mohiyat" mahallalarida yashovchi uyushmagan yoshlar o'rtasida sportning futbol, voleybol va kurash turlari bo'yicha viloyat IIB boshlig'ining kubogi uchun musobaqa tashkil etildi.

Millionlar o'yini bo'lgan futbol musobaqasida 5 ta mahalla yoshlari qizg'in bahs olib borishdi. Natijaga ko'ra esa eng kuchli jamoa ya'ni "Fayzobod" mahallasi yoshlari g'alaba qozondi. Voleybolda ham 8 ta jamoa o'rtasida "Guliston" mahallasi yoshlarining qo'li baland keldi.

3 vazn toifasida (70 kg, 80 kg va mutloq vazn) o'tkazilgan kurash mussobaqasi ham muxlislarning qo'llab-quvvatlovi ostida o'tdi. Bellashuvlarda 70 kg vazn toifasida 3-o'rinni "Xalq yo'li" mahallasidan To'raqulov Ramziddin, 2 - va 1 - o'rinlarni "Guliston" mahallasidan Allanazarov Otabek va Qulsoatov Maxmudlar qo'lga kiritdi. 80 kg vazn toifasida 3-o'rin "Yangidiyor"lik Xo'jamurodov Akbarga, 2 - va 1-o'rinlar "Guliston" mahallasida yashovchi yoshlar Imomov Ravshan va Choriev Jonibeklarga nasib etdi. Mutloq vazn toifasida esa 3-o'rinni "bog'i Eram" mahallasidan Tursunov Ilhom, 2-o'rinni "Fayzobod" mahalasidan Choriev Sardor qo'lga kiritdi. "Guliston" mahallasida istiqomat qiluvchi Bo'tayorov Alimardon esa mutloq vazn bo'yicha yuqori shohsupadan joy oldi.

Tadbirning badiiy qismida faol qatnashib, she'r aytish va qo'shiq kuylash orqali yig'ilganlar olqishiga sazovor bo'lgan ko'zi ojiz fuqarolarga qimmatbaho sovg'alar ham topshirildi. Tashkilotchilar tomonidan tashkil etilgan yutuqli o'yinlarda esa omadli raqam sohiblariga televizor, uyali telefon va changyutgich kabi qimmatbaho sovg'alar nasib etdi.

Tadbir doirasida sport turlari bo'yicha yuqori natijalarga erishgan bir guruh ichki ishlar xodimlari uyushmagan yoshlar bilan uchrashib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Tantanali o'tgan taqdirlash marosimida g'olib va sovrindorlarga IIB boshlig'ining kubok, medal, pul va boshqa qimmatbaho sovg'alari topshirildi. Bundan tashqari, mazkur musobaqalarning o'tkazilishida faollik ko'rsatgan "Guliston" MFY yoshlar etakchisi Ilyos Xolmurodov va "bog'i Eram" mahallasi yoshlar etakchisi Begzod Muzaffarov tashakkurnoma va 1 million so'm pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

Ma'lumot o'rnida, o'tkazilgan sport musobaqasi davomida tumandagi 653 nafardan ortiq uyumagan yoshlar qamrab olindi. Albatta, bu kabi musobaqalarning o'tkazilishi uyushmagan yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ommaviy sportga keng jalb qilish va jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida o'tkazilayotgan IIB boshlig'i kubogi uchun musobaqalar viloyat bo'ylab barcha tuman va mahallalarda davom etadi.

 Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech