25 Noyabr 2022 yil 240

Muzrabotda “Ichki ishlar bog‘i” tashkil etildi

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Surxondaryo viloyati 3-sektor rahbari topshirig‘i hamda  Muzrabot tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i tashabbusi bilan 3-sektor hududidagi "Oriyat" mahallasida qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilgan 1 gektarga yaqin yer maydonida bog‘ barpo etildi. Dastlab, maydon qaytadan butazorlar va begona o‘t-o‘lanlardan tozalandi. Qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi texnikalar yordamida yerning sho‘rlangan qismi olib tashlanib, 4 xildagi 1000 dan ortiq mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Albatta, bog‘ yaratish uchun ko‘chatlarni ekishda belgilangan me’yorlarga amal qilinmasa, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Shu bois, dastlab, Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.S.Ismoilov ko‘chatlarni oraliq masofani saqlagan holda, bir tekisda ekish lozimligi bo‘yicha ko‘rsatma berdi. So‘ng, ko‘chatlarni o‘tqazishda o‘zi bosh-qosh bo‘ldi.  Tuman Yoshlar ishlari agentligi xodimlari ham faol ishtirok etib, ko‘maklashishdi.  Yangi tashkil etilgan bog‘da 400 dona bodom, 200 dona o‘rik, 200 dona shaftoli, 200 dona olma daraxti ko‘chatlari IIB xodimlari tomonidan o‘tqazildi.

IIB rahbari ekilgan ko‘chatlarni qanday parvarish qilish kerakligi bo‘yicha ham o‘z tavsiyalarini berdi. Bu ko‘chatlar o‘sib, mo‘l-ko‘l hosil beradigan, ko‘rganning bahri-dili yayraydigan yashil makonga aylanishi lozimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida Muzrabot tumani 3-sektor hududidagi “Yangier” mahallasida ham Muzrabot tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilgan yana bir gektardan ziyod joy yashil makonga aylantirilishi uchun tayyorlandi. Bu yerda 2023 yil fevral oyiga 2000 donadan ko‘proq anor ko‘chati ekish ko‘zlanmoqda. Shu bois, hudud butazorlar, begona o‘t-o‘lanlardan va sho‘rlanishdan tozalandi.

Ushbu xayrli ish kun kelib albatta meva beradi. Undan hudud aholisi bahra olib, ekkanlarning haqiga yaxshi so‘zlar aytishiga shubha yo‘q.

Text to speech