13 Yanvar 2023 yil 346

Muzrabot tumanidagi korxonalar faoliyati va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishildi

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, aholi turmush farovonligi bilan tanishish maqsadida Muzrabot tumaniga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Muzrabot tumanida “Alpomish Servis Invest” xususiy korxonasining yiliga 200 mln dona bir martalik shpris va bint ishlab chiqarish, “Surxon KSP-Grand” MChJning maydalangan qamish xom ashyosidan KSP (DSP) plitalari ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishildi.

Viloyat rahbari korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirib, mahalliy ehtiyojni ta’minlash va eksportga yo‘nalishtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimiga Muzrabot tumanida amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti qilindi. Jumladan, “Osiyo dori” MChJ tomonidan quyosh panellaridan elektr stansiyasi tashkil etish, “Bilol agro servis klaster” MChJ tomonidan ip kalava ishlab chiqarish, “Osiyo darmon servis” XK tomonidan infuzion sistema ishlab chiqarish, “Jarqo‘rg‘on barakali yog‘” MChJ tomonidan un mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish loyihalari bilan tanishildi.

Viloyat hokimi har bir taqdimot ishi bilan batafsil tanishib, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi hamda mas’ullarga tadbirkorlarning loyihalarini amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, viloyat rahbari “SCT cluster sholi” MChJ tomonidan amalga oshirish rejalashtirilgan Amudaryoning Muzrabot tumani hududidan o‘tuvchi qismi qirg‘oqlaridagi 20,1 ming gektar yer maydonida sholi yetishtirish va qayta ishlash loyihasi taqdimoti bilan tanishib, loyihani amalga oshirishda mavjud muammolarni joyiga borgan holda o‘rgandi. Mas’ullarga “SCT cluster sholi” MChJga loyihani amalga oshirish va sholi maydonlarini sug‘orish uchun ariqlar qazish ishlariga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari Muzrabot tumanida 2019 yilda ta’mirlash ishlari boshlanib, bugungi kunga qadar oxiriga yetkazilmagan 2 ta maktabgacha ta’im tashkiloti binolarini borib ko‘rdi. Tumanning “Yangi hayot” mahallasidagi 13-sonli va “Shaffof” mahallasidagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 2019 yilda “Obod markaz” davlat dasturiga kiritilib, ta’mirlash ishlari boshlangan. Ikkala bog‘chada ham pudratchi qurilish korxonalari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Biroq ishlar to‘liq moliyalashtirilmaganligi sababli to‘xtab qolgan.

Viloyat hokimi mas’ullarga mavjud holatni o‘rganib chiqish, qurilish ishlarini moliyalashtirish va ta’mirlashni oxiriga yetkazib, foydalanishga topshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Text to speech