Muzrabot tumanida mahalla “yettiligi”, ta’lim va sog‘liqni saqlash maskanlari faoliyati hamda yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarining borishi bilan tanishildi
Bugun
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar
bilan tanishish maqsadida, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 3- sektor
rahbari Abduvohid Ismoilovga biriktirilgan Muzrabot tumaniga tashrif buyurdi. Tashrifning
dastlabki manzilida viloyat rahbari 47-sonli oilaviy shifokorlik punktida bo‘ldi.
Tibbiyot
muassasasida aholi salomatligini asrash, kasalliklar profilaktikasi va davolash
bo‘yicha “Surxondaryo tajribasi”ni yo‘lga qo‘yish ishlari bilan tanishildi, amalga
oshirilgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi. Aholiga sifatli
tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda tajribani samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida patronaj
hamshiralarga zarur tibbiy asbob-uskunalar jamlangan sumka va planshetlar, tibbiyot
maskani uchun kompyuter jamlanmalari topshirildi. Muassasada tashkil etilgan fitobar
ham ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari 31-sonli maktabda bo‘lib,
o‘quvchi-yoshlarni darsdan keyingi fan to‘garaklariga jalb qilish, Vatanparvarlik
ruhida tarbiyalash ishlarining borishi bilan tanishdi. Xususan, o‘zlashtirishi past,
tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan ishlash, musiqa va rabototexnika to‘garaklari
hamda maktabda tashkil etilgan mahalladagi ishsiz yoshlarni nemis tiliga o‘qitish
kurslari faoliyati ko‘zdan kechirildi. Yoshlar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida
kurslarda ishtirok etayotganlarning o‘qish pullari davlat hisobidan to‘lab berilayotganligi,
nemis tilini puxta egallaganlar Germaniya davlatiga yuqori daromadli ishga yuborilishi
aytib o‘tildi.
Shuningdek,
viloyat rahbari 9-sonli bog‘chada yaratilgan sharoitlar va “Ma’naviyat xonasi”ning
tashkil etilishi bilan tanishdi. Bolajonlar bilan suhbat qilinib, ularga sovg‘alar
topshirildi. Bog‘chada ta’lim-tarbiya jarayonlari uchun yetarli sharoitlar yaratilganligi
hamda qo‘g‘irchoq teatri namoyishi yo‘lga qo‘yilganligi e’tirof etildi. Tashrifda
ishtirok etgan shahar va tumanlarning 3-sektor rahbarlariga o‘z sektorlaridagi bog‘chalarda
ishlarni ushbu namuna asosida tashkil etish vazifasi qo‘yildi.