Mening Konstitutsiyam – tinch, to‘kin hayotim kafolati
Bugun, 12 iyul kuni Termiz shahridagi “Namuna”, “Temiryo‘lchi” va “Kokildor ota” mahallalari fuqarolari ishtirokida Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i A.Ismoilov, shahar hokimi I.Xudoyberdiev hamda sektor va tegishli tashkilot rahbarlari ishtirokida "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuvi tashkil etildi.
Surxondaryo viloyati Ichki Ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik A.S.Ismoilov boshchiligidagi mas’ullar tomonidan tashkil etilgan muhokama-munosabat ko‘rinishidagi tadbirda mahalla faollari, faxriylar, xotin qizlar va yoshlar ishtirok etishdi. Dastlab Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bosh qomusimizdagi o‘zgarishlarning ahamiyati-yu dolzarbligi hususida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, xalqimiz tomonidan berilgan taklif va mulohazalar, shuningdek, prezidentimizning Komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “Insonning qadr qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak!” tamoyili asosida berilgan takliflardan kelib chiqib “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi. O‘tkazilgan uchrashuvda ayni jihatlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv davomida, yig‘ilganlarga barcha islohotlarning tub zamirida "Inson-jamiyat-davlat" strategiyasi pirovard maqsad qilib olinganligi tushuntirildi. Shuningdek, fuqarolarning taklif va mulohazalariga ham quloq tutildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi va Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Inson qadri uchun xizmat qiladigan, xalqchil Konstitutsiya yaratilayotganligini ta’kidlandi.
Maqsad “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi-mening Konstitutsiyam!”-deb, yuksak g‘urur bilan aytaolishimiz uchun avvalo unda xalqimizning huquq va erkinliklari, farovon turmushi, eng muhimi inson qadrini yuksalishiga xizmat qiluvchi g‘oyalarni namoyon etishdir.
Bu jarayonda esa xalqimizdan ushbu islohotlarga befarq bo‘lmasdan, o‘z so‘zini ayta oladigan faollik zarur bo‘ladi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati