25 Sentyabr 2021 yil 1279

Mehr nuri yog'ar doim yuzingizdan ustozlar, Yursam deyman shu tabarruk izingizdan ustozlar...

Bugun mana shu satrlar ostida Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida "Ma'naviyat va ma'rifat" darsi bo'lib o'tdi. Mavzu yuzasidan Termiz Davlat universiteti O'zbek filologiyasi fakulteti, O'zbek tilshunoslik kafedrasi katta o'qituvchisi Botir Oqbo'taevning ma'ruzasi tinglanib, 1-oktyabr o'qituvchi va murabbiylar kuniga bag'ishlab qilingan ma'ruzada, o'qituvchilik kasbi va murabbiylarning shogirdlari oldidagi mas'uliyati, ularning davlat va jamiyatning rivoji uchun qo'shayotgan ulkan hissalari haqida tushunchalar va ta'riflar berildi.
Har sohada bo'lgani kabi ichki ishlar tizimlarida ham ta'lim dargohlari mavjudligi, ularda o'qituvchilar, doktor va professorlar, akademiklar faoliyat olib borayotganligi ta'kidlandi. O'quv darsi davomida, ma'ruzachini boshqarma rahbariyati yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabriklab, Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida ilk taqdimoti kutilayotgan polkovnik Abdug'ofur Sattorovning qalamiga mansub "El-yurt osoyishtaligi generallari" nomli kitob sovg'a qilindi.
Shundan so'ng, ushbu kitobning taqdimoti bo'lib o'tdi.
Mazkur kitob taqdimoti - uzoq yillar ichki ishlar organlari tizimlarida samarali faoliyat yuritgan, hozirgi kunda Surxondaryo viloyati IIB Faxriylar kengashi raisi lavozimida xizmat qilayotgan iste'fodagi podpolkovnik Erkin Qodirov tomonidan qilindi.
Kitobda, ichki ishlar organlarida ko'p yillar samarali faoliyat yuritgan, turli murakkab davrlar, qaltis vaziyatlarda o'z jonini ayamasdan, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qo'shgan fidoiy xodimlarning ibratli hayoti va faoliyatini bugun ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimlarga yetkazish, ichki ishlar organlarining boy tarixini o'rganish, ijobiy an'analarini targ'ib qilish orqali ularda ona Vatanga sadoqat, o'z kasbidan faxrlanish tuyg'ularini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, yosh xodimlarning har tomonlama yetuk bo'lib, kamolga yetishida tajribali ustozlarning hayoti va xizmat faoliyatini o'rganish foydadan holi bo'lmaydi.
Shuni e'tiborga olgan holda, kitobda ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilib, general unvoniga sazovor bo'lgan xodimlarning hayoti va xizmat faoliyati haqida qisqacha hikoya qilinadi. Mazkur kitob huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va keng jamoatchilikka mo'ljallanganligi e'tirof etilib, avvalo har bir ichki ishlar organlari xodimlari ma'naviyati yetuk komil inson bo'lishligi uchun o'z ustida tinimsiz ishlab o'qib o'rganish lozimligi qayd etildi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech