Maxsus tayyorgarlik darslari
Janubi-G'arbiy maxsus harbiy okrugi Janubiy operativ qo'mondonligi Termiz shahridagi 11506-harbiy qismda Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi xodimlari uchun o'quv kurslari tashkil etdi.
Termiz shahrining "xavfsiz shahar" kontsepsiyasiga asosan hamda kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, hududlarda jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta'minlash uchun qo'shimcha patrullik guruhlariga xizmatga jalb etish maqsadida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan o'quv kurslarida 60 nafar IIB xodimi 14 kun davomida jismoniy, jangovar va saf tayyorgarligi bo'yicha ko'nikmalarini oshirdi.
Kunning birinchi yarmida soat 09:00 dan 16:00 gacha nazariy va amaliy o'quv mashg'ulotlari o'tkazilgan bo'lsa, kunning ikkinchi qismida soat 16:00 dan 22:00 gacha Termiz shahri hududi bo'ylab 30 ta yo'nalishda 60 nafar xodim jamoat tartibini saqlash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'yicha xizmat o'tashga jalb etildi. Asosan, shahar xududidagi fuqarolar gavjum mahallalar, ko'chalar hamda jamoat joylarida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va xuquqbuzarliklarni oldini olish, yong'in, yo'l harakati hamda fuqarolar xavfsizligini ta'minlash bo'yicha yo'nalishlarda xizmat olib borishdi va tajriba almashishdi.
Kurs qatnashchilari hududiy profilaktika inspektorlari bilan birga hisobda turgan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar ham olib borishdi.
Kurs yakunida ishtirokchi xodimlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
IIB xodimlarining bilim va malakasini oshirishga qaratilgan bunday o'quvlar rejaga muvofiq, keyingi guruh tinglovchilari bilan davom ettirilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati