29 Avgust 2024 yil 461

Markaziy Osiyoda birinchi xalqaro savdo markazi- “Airitom free zone” faoliyatini boshladi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi va Markaziy Osiyodagi birinchi erkin savdo zonasi “Airitom free zone”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Afg‘oniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafayev, Qirg‘iz Respublikasi iqtisodiyot va savdo vazirining o‘rinbosari Nazarbek Malayev, Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Qayrat Torebayev hamda hukumat vakillari, shuningdek, o‘zbek va afg‘on tomonining yirik ishlab chiqaruvchilari, tadbirlari ishtirok etdi.

Mazkur erkin savdo zonasi Surxondaryo viloyati Termiz tumanida, O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida joylashgan bo‘lib, qiymati 70 mln AQSh dollarni, umumiy maydoni 36 gektarni tashkil etadi. Hududda “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi, “Akfa Medline” zamonaviy tibbiyot klinikasi, “Central Asia University” biznes maktabi, yirik savdo va xizmat ko‘rsatish markazi, restoranlar, xostel hamda yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega logistika markazi hamda ishlab chiqarish korxonalari jamlangan.

Xalqaro ekspert va mutaxassislar fikriga ko‘ra “Airitom free zone” erkin savdo zonasiga yiliga 1,5 million tashrif buyuruvchilar kelishi hamda yillik savdo aylanmasi qariyb 1 mlrd dollarga yetkazish salohiyati mavjudligini qayd etishgan. Shuningdek, zonada barcha davlat fuqarolarining 15 kun davomida O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan kirish va chiqish imkoniyati, savdo va xizmatlarni sotishda multivalyuta tizimi va markaz hududiga keluvchi tovarlarni “bojxona to‘lovlarisiz” joylashtirish rejimi joriy etilgan.

Tantanali tadbirda Bosh vazir Abdulla Aripov va Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar so‘zga chiqib, xalqaro erkin savdo zonasi nafaqat ikki mamlakat, balki, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro tovar almashishda muhim zonaga aylanishini hamda “Karachi-Termiz-Toshkent-Qozog‘iston-Rossiya” yangi transport koridorining muhim uchastkasi bo‘lib, Hind okeaniga chiqish imkonini berishini ta’kidladi.

Text to speech