Maktablarda birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari bo‘lib o‘tdi
Bugun yurtimizning
barcha hududlarida bo‘lgani kabi Muzrabot tumanidagi 31-umumta’lim maktabida ham
"Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!" shiori ostida birinchi qo‘ng‘iroq
tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik A.Ismoilov ishtirok
etdi. So‘zga chiqqan A.Ismoilov ta’lim sohasidagi o‘zgarishlarga to‘xtaldi. Aytish
kerakki, oxirgi 6 yil davomida viloyatda 80 taga yaqin maktablar va maxsus fanlarga
ixtisoslashgan ta’lim muassasalarining qurilib, foydalanishga topshirilishi natijasida
o‘quvchilar sig‘imi 38 mingdan 52 mingdan ortiq sig‘imga aylantirildi.
Bundan tashqari,
pedagog xodimlarning 34 ming nafardan 45,7 ming nafarga yetkazilishi, maktab
kutubxonalari sonining 102 taga ko‘patirilishi, undagi kitoblar sonini
577 ming taga oshirilishi, 918 ta maktablarning to‘liq kompyuter jamlanmasi
bilan ta’minlanishi, 633 ta maktablarda sport zallarini qayta rekonstruksiya yoki
yangidan qurilishi kabi bir qancha imkoniyat va sharoitlar davlatimiz rahbari tomonidan
ilmga chanqoq o‘quvchi-yoshlar uchun yaratib berilmoqda.
Misol uchun,
2023 yilda maktab ta’limi tizimidagi jami 130 ta umumta’lim maktablarida qurilish-tiklash
ishlari amalga oshirilmoqda.
Maktablarni o‘quv
yiliga tayyorlash uchun jami
306,3 mlrd. so‘m
mablag‘ ajratilgan.
Shu kunga qadar
bulardan, investitsiya dasturi asosida 35 ta maktab, ya’ni, 2 ta yangi
qurilgan, 33 ta rekonstruksiya qilingan maktablar foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, 37 ta
umumta’lim maktablar laboratoriya jihozlari, 110 ta maktab zamonaviy kompyuter texnikalari,
158 ta maktab 1 ming 19 kvt quvvatli quyosh elektr panellari bilan ta’minlandi.
Hozirda tashabbusli
budjet asosida 95,9 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga 95 ta maktablarda qurilish ta’mirlash
hamda moddiy-texnik bazasini yaxshilash ishlari olib borilmoqda.
Ayni vaqtda viloyatda
948 ta maktablarda 2022-2023 o‘quv yilida 1-sinfga 60 mingga yaqin o‘quvchilar qabul
qilinishi evaziga maktablarda 525 mingga yaqin o‘quvchilar ta’lim olmoqda.
O‘quvchilarga yaratib
berilgan shart-sharoitlar, yoshlarni nafaqat tuman yoki viloyat balki, respublika
miqyosidagi turli ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari, intelektual o‘yinlar, bellashuvlar
kabi tanlovlarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishganligi kelgusidagi rejalarimiz
va maqsadlarimizni bardavom qo‘yishga zamin yaratadi.
Jumladan, sport
sohasida viloyatdagi umumta’lim maktablarida tahsil oluvchi o‘quvchi-yoshlar tomonidan
joriy yilda Jahon, Osiyo, Xalqaro, O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 59 ta
oltin, 57 ta kumush, 122 ta bronza medallar qo‘lga kiritildi.
Bundan tashqari,
joriy yilda asosiy fan olimpiadaning Respublika bosqichida viloyatimizdan
4 nafar o‘quvchilarimiz g‘oliblikni qo‘lga kiritib, shundan 2 nafari 1-o‘rin,
1 nafari 2-o‘rin, 1 nafari 3-o‘rinni egalladi.
G‘oliblarning ustozlari
tegishlicha bir martalik pul mukofotlari bilan mukofotlandi. Bu yutuqlar albatta
aziz ustozlarimizning mashaqqatli mehnatlari va izlanishlarining samarasidir.
Eng quvonarli jihati,
274 nafar 11-sinf o‘quvchilarimiz muddatida oldin oliy ta’lim muassasalariga kirish
imkoniyatini qo‘lga kiritishdi. Ushbu natijalardan ko‘rinib turibdiki, yurtimizda
barcha sohalarda bo‘lgani kabi xalq ta’limi tizimida ham islohotlar davom etayapti.
Bularning barchasi,
avvalo yurtimiz tinchligining samarasi bo‘lsa, ikkinchidan o‘g‘il-qizlarimizning
hech kimdan kam bo‘lmay barkamol bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlar
namunasidir.
Shular haqida so‘zlar
ekan 31-maktab o‘quvchilarining yutuqlarini ham sanab o‘tdi. Ushbu ta’lim muassasasida,
2022-2023 o‘quv yilida, 24 nafar o‘quvchilar maktabning 11-sinfini tamomlab ularning
9 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Joriy yilni bitiruvchilaridan
1 nafari muddatidan oldin talabalikka qabul qilindi, fan olimpiadalarida faol qatnashib,
4 nafari tuman bosqichida faxrli 1,2,3 o‘rinlarni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichiga
faol ishtirok etgani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda A.Ismoilov
barcha o‘quvchi va ustozlarni Mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami bilan tabriklab,
yangi o‘quv yilini yangi shijoat bilan boshlashlari uchun samimiy tilak birdirdi.
Shundan so‘ng, birinchi
qo‘ng‘iroq chalinib, mustaqillik darslari boshlandi. Viloyat IIB boshlig‘i A.Ismoilov
tomonidan ham bitiruvchi sinf o‘quvchilariga mustaqillik darsi o‘tib berildi. Unda
mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar, kecha va bugungi hayotimizdagi
o‘zgarishlar haqida hayotiy misollar haqida so‘z bordi.