Ekspert-kriminalistika guruhi mutaxassislari uchun amaliy o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti Xudoyqul Nomazov tomonidan viloyatning shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlari ekspert-kriminalistika guruhi mutaxassislari uchun amaliy mashg‘ulot tashkil etildi. Mashg‘ulotning asosiy mavzusi – hodisa sodir bo‘lgan joydan barmoq izlarini olishning zamonaviy yangi usullariga bag‘ishlandi.
O‘quv yig‘inida, Xudoyqul Nomazov zamonaviy texnologiya
va innovatsion metodlar yordamida barmoq izlarini aniqlash, olish va tahlil qilish
usullari bo‘yicha tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Mashg‘ulot jarayonida ishtirokchilarga
turli xil o‘ziga xos barmoq izlarini olish texnikalari, shuningdek, bu jarayonda
yuqori samaradorlikka erishish uchun zamonaviy vositalarni qo‘llash tartib qoidalari
tushuntirildi va amalda ko‘rsatildi.
Surxondaryo viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi
mas’ullarining bugungi kundagi asosiy maqsadi – barmoq izlarini aniqlash va to‘g‘ri
olish sohasidagi malakani yanada oshirish, ekspert mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini
takomillashtirish va jinoyatlarni ilmiy asosda tez va aniq tergov qilish imkoniyatini
yaratishdan iborat.
Shuningdek, barmoq izlari yig‘ish jarayonida qo‘llaniladigan
texnik va amaliy jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulot so‘ngida ishtirokchilarga yangi usullar bo‘yicha
savol-javoblar qilinib, ularning fikr va mulohazalari eshitildi.
O‘tkazilgan ushbu o‘quv mashg‘uloti viloyat ekspert-kriminalistika guruhi uchun muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etib, kelgusida ishlab chiqarish jarayonlarida sifatli natijalarga erishishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.