“Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi” doirasida Sariosiyo, Uzun hamda Denov tumanlari IIB xodimlari o‘rtasida qonunchilik va xizmat intizomiga rioya etish maqsadiga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazildi
Joriy yilning 14 aprel kuni Sariosiyo, Uzun hamda Denov tumanlarida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriligining ko‘rsatmasi hamda Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan reja topshiriqqa asosan, tizimda korrupsiya illatlariga qarshi kurashish, uning barvaqt oldini olish, xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash hamda shaxsiy tarkib bilan bog‘liq salbiy holatlar profilaktikasi yuzasidan tanqidiy tahlilga asoslangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda, O‘zbekiston Respublikasi IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti Ijtimoiy himoya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari mayor D.Hakimov viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Sh.Shadiev, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Q.Samandarov, xodimlarning ota-onalari, oila a’zolari hamda ichki ishlar faxriylari ishtirok etishdi.
Ushbu yig‘ilishda mas’ullar tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublika bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan salbiy holatlar yetkazilib, xodimlar xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etishi, faoliyat davomida korrupsion va favqulodda holatlar sodir etilishini oldini olish, “xodimbay” ishlashni yanada kuchaytirish, shaxsiy tarkibning oila a’zolari bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan holda ko‘ngilsizliklarning oldini olish yig‘ilish ishtirokchilarga tushuntirildi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida salbiy holatlarning oldini olish, korrupsiyaga murosasiz kurashish, qonunchilik va xizmat intizomiga qat’iy rioya etish bo‘yicha ma’lumotlar berib, shaxsiy tarkib e’tiboriga tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan videofilm namoyish etildi. Har bir ichki ishlar organlari xodimlari qonunchilik hamda xizmat intizomiga rioya qilishi bo‘yicha tegishli tartibda ogohlantirildi.