Karantin: yo'lovchi qoidabuzarlar karantinga olindi
Joriy yilning 3 aprel kuni taxminan soat 11-30lar chamasida, Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi patrul-post va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati xodimi tomonidan, Termiz shahrida yuk avtomobilida o'z manziliga etib olmoqchi bo'lgan surxondaryolik yo'lovchilar karantin qoidasini buzganligi aniqlandi.
"ISUZU" rusumli yuk mashinasida haydovchi Toshkent shahridan Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga yo'l oladi va ushbu yuk mashinasiga sakkiz nafar surxondaryolik fuqarolarni har biridan 50 ming so'm evaziga olib keladi.
Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Termiz shahar bo'yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilyapti. Sakkiz nafar noqonuniy yo'lovchilarga nisbatan esa ma'muriy bayonnomalar tuzilib, ular viloyat ko'p tarmoqli tibbiyot markaziga karantinga olindi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida 27 martdan boshlab viloyatlararo transport qatnovi to'xtatilgan, biroq bu cheklov yuk mashinalariga nisbatan qo'llanilmaydi. Shuningdek, 30 martdan shaxsiy avtomobilda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanish taqiqlangan.
Aziz fuqarolar, karantin qoidalariga qat'iy rioya qiling va uyda qoling!
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati