Karantin: Surxondaryo viloyat IIB xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi xodimlari ham targ'ibot tadbirlarida faollik ko'rsatmoqda
Yurtimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi karantin e'lon qilinganligi yuzasidan 2020 yilning 27 mart kunidan boshlab viloyatlararo transport qatnovi to'xtatilgan, biroq bu cheklov yuk mashinalariga nisbatan qo'llanilmaydi. Shuningdek, joriy yilning 30 mart kunidan shaxsiy avtomobilda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanish taqiqlangan.
Shu munosabat bilan, Surxondaryo viloyati IIB xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan karantin davrida aholiga yordam ko'rsatish bilan birga koronavirus tarqalishini oldini olish yuzasidan profilaktik targ'ibot tadbirlarida faol ishtirok etmoqdalar. Jumladan, Termiz shahrining Manguzar muntazam YPX maskanida targ'ibot tadbirlari davomida shahar hududiga kirib kelayotgan va shahar hududidan chiqib ketayotgan transport vositalariga ko'cha va jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurmaslik, shaxsiy avtotransport vositalaridan ruxsatnomasiz foydalanmaslik, zarurat bo'lmagan hollarda uydan chiqmaslik, harakatlanishda hamda savdo do'konlari va boshqa joylarda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlash, 65 yoshdan yuqori yoshda bo'lgan va surunkali kasalligi bo'lgan fuqarolar zaruriyat bo'lmaganida o'z uylaridan tashqariga chiqmasliklari to'g'risida ogohlantirib targ'ibot-tashviqot ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Bundan tashqari, xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan Termiz shahridagi viloyat ko'p tarmoqli kasalliklar shifoxonasida tashkil etilgan karantin markazida karantinga olingan bemorlar qat'iy belgilangan tartibda qo'riqlanmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati