Jarqo'rg'ondagi jinoyat muhokamasi
Hazil tagi zil bo'lishiga Jarqo'rg'on tumanida sodir bo'lgan bir insonga og'ir tan jarohati etkazish bilan yakun topgan jinoyat misolida yana bir bor amin bo'ldik. Negaki, bir-birining kiyimiga tamaki kukunini sepib hazillashmoqchi bo'lgan ikki yigitning tortishuvi ham aslida, shunday hazil oqibatida yuzaga keldi...
Tuman ichki ishlar bo'limi navbatchilik qismiga kelib tushgan ma'lumotga ko'ra, "mehnat-rohat" mahallasida yashovchi F.R. mahalladoshi S.A. bilan kompyuter zalida o'zaro tortishib qolishadi. Tortishuvlar natijasida esa F.R. mahalladoshi S.A.ni duch kelgan joyiga urib, tan jarohati etkazadi. Tibbiy ekspertiza tekshiruvi esa S.A. ga "hayot uchun xavfli bo'lgan og'ir" tan jarohati etkazilgan deya baholanadi.
Tuman hokimligida mahalla raislari, tadbirkorlar, uyushmagan yoshlar ishtirokida viloyat ichki ishlar boshqarmasi 1-o'rinbosari I.Tursunov, tuman hokimi B.O'roqov, tuman IIB boshlig'i B.Xidirovlar tomonidan mazkur jinoyat muhokamasi o'tkazildi. Unda jinoyatning kelib chiqish sabablari atroflicha muhokama qilinib, profilaktika inspektori va mahalla raislarining bu kabi holatlarning oldini olish uchun hushyor bo'lishlari uqtirildi. Yoshlarga esa jamiyatda yurish-turish qoidalariga rioya etib, bo'sh vaqtini kompyuter o'yinxonalarida emas, foydali mashg'ulot bilan o'tkazishsa, maqsadga muvofiq bo'lishi tushuntirildi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati