30 Oktyabr 2024 yil 508

Qing‘ir ishning misi chiqdi

Afg‘oniston Islom Respublikasi fuqarosi M. B.  O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Afg‘oniston Islom Respublikasidagi elchixonasi tomonidan rasmiylashtirib berilgan ishchi kirish vizasining muddati tugayotgani sababli Surxondaryo IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga murojaat qiladi. Biroq unga viza muddatini uzaytirish uchun asoslar mavjud emasligi, berilgan muddat tugashi bilan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishi lozimligi tushuntiriladi.

Boshi qotgan M. B yo‘l izlashni boshlaydi. Bir kuni u Angor tumanida yashovchi K. T bilan tanishadi. K. T. uning muammosi haqida bilgach, shu tobda mo‘may daromad ishlash fikri tug‘iladi. Nafsi hakalak otgan K. T.  M. B ga Toshkent shahridagi tanishlari orqali Afg‘oniston Islom Respublikasi fuqarolariga noqonuniy ravishda viza muddatini uzaytirib berishi evaziga undan 5 ming AQSh dollari talab qiladi. M. B. ushbu vaziyat haqida IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qiladi.

Holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilgach, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Surxondaryo viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro K.T. Termiz tumani “Ayritom” mahallasi hududida joylashgan “Karvonsaroy” mehmonxonasi yonida M. B dan 4.900 AQSh dollari va 1.250.000 so‘m pullarni olgan vaqtda qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Jamshid RASULOV,

IIV ShXBB Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimi, podpolkovnik

Text to speech