Ijtimoiy tarmoqlarda "Surxondaryo #Angor odam o'ldi lekin IIB tergovchilari nega ishni yopmoqchi tushunmadim" sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan rasmiy munosabat:
Surxondaryo viloyati IIBning mas'ul xodimlari tomonidan ushbu videolavha yuzasidan o'rganish ishlari olib borilganida quyidagilar ma'lum bo'ldi.
2020 yilning 09 dekabr kuni soat 18:00 larda fuqaro o.Avazov boshqaruvidagi "Damas" rusumli, 75 V 931 LA davlat raqamli avtomashinani Angor tuman "Talloshqon" maxallasi xududidan o'tgan M-39 avtomobil yo'lining 1437-kilometrida, "Termiz-Angor" yo'nalishi bo'yicha boshqarib, o'zining harakat yo'nalishidan qarama-qarshi yo'nalishga qayrilib olayotgan vaqtda, "Sherabod-Termiz" yo'nalishida harakatlanib kelayotgan fuqaro J.Boboqulov boshqaruvidagi "Neksiya" rusumli 75 M 507 HA davlat raqamli avtomashinaning chap yon tomonidan urib, yo'l transport hodisasini sodir etgan.
Yo'l transport hodisasi natijasida "Neksiya" rusumli avtomashinasi haydovchisi J.Boboqulov va uning yo'lovchilari R.Qodirov, N.Qodirova, Yu.Xurramovalar turli xil tan jarohatlari olishgan, fuqaro o.Avazov esa Angor tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo'limida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan, Angor tumani IIB huzuridagi tergov bo'linmasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2 - qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilgan.
Jinoyat ishi tergovi davomida marhum o.Avazovning harakatlarida O'zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari aniqlanganligi sababli, jinoyat ishi 266-moddasi 2-qismidan 1-qismiga qayta malakalangan.
Tergov bo'linmasi tomonidan marhum o.Avazovning yaqin qarindoshlariga O'zbekiston Respublikasi JPKning 84-moddasi 1-qismi 3-bandi mohiyati ya'ni: ayblanuvchi shaxs vafot etganligi sababli jinoyat ishini tugatilishi mumkinligi tushuntirilganda, ular yo'l transport hodisasida marhum o.Avazovning aybi yo'qligini ma'lum qilishib, jinoyat ishini tugatishga rozilik bildirishmagan.
Jinoyat ishi bo'yicha surishtiruv harakatlari 2021 yil 6 fevral kuni tamomlanib, JPKning 381-12-moddasiga asosan ayblov dalolatnomasi tasdiqlash va tegishli sudlovga yuborish masalasi hal qilish uchun Angor tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati