Ijtimoiy tarmoqlarda "dod yordam bering! Maska taqmagan IIV xodimlari majburladi", "Qashqadaryoda milisiya xodimlari urib bosib olib ketishti. Ovqatlanib maska taqmaganimga bosim haqiqat..."sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan rasmiy munosabat:
Surxondaryo viloyati IIBning mas'ul xodimlari tomonidan ushbu videolavha yuzasidan o'rganish ishlari olib borilganida quyidagilar ma'lum bo'ldi.
2021 yilning 29 aprel kunidan 30 aprel kuniga o'tar kechasi Angor tumani hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida, tungi xizmatga jalb etilgan viloyat IIB PPX va JTSB PPX bataloni xodimlari Angor tumani "Sharq guli" mahallasida xizmat olib borayotganlarida, ushbu mahallada joylashgan "Oltin toj" oshxonasida soat 00:10larda fuqarolarning baqir-chaqir ovozi eshitilganligi sababli, oshxona xovlisida o'tirgan fuqarolarning yoniga borib, ularga o'zlarini tanishtirib, "tungi vaqtda fuqarolar osoyishtaligini buzib, baqir-chaqir qilmasliklarini, uylariga borib dam olishlarini" tushuntirganlarida, fuqaro A.Baxriddin PPX xodimlariga "ketmayman, pulini to'lasang ketamiz, bo'lmasa xoxlaganimizcha o'tirib eb ichamiz!"-deb, javob qaytaradi.
Shundan so'ng, PPX xodimlari tungi xizmatda bo'lgan hudud profilaktika inspektoriga qo'ng'iroq qilib, uni ushbu joyga chaqirishadi.
Profilaktika inspektori ham ushbu joyga etib kelganidan keyin fuqaro A.Baxriddinni tinchlantirishga harakat qilib, spirtli ichimlik iste'mol qilganligi yuzasidan tibbiy ko'rikdan o'tishini taklif qilganida, fuqaro A.Baxriddin ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik ko'rsatib, viloyat IIBdan mas'ul xodimlar kelganidan keyin tibbiy tekshiruvdan o'tishini ta'kidlaydi.
Ichki ishlar organlari xodimlari fuqaro A.Baxriddinga "qonuniy talablariga bo'ysunmasa majburiy tartibda olib ketishlarini" tushuntirishlariga qaramasdan, fuqaro A.Baxriddin ularning qonuniy talablariga bo'ysunmaganligi uchun majburiy tartibda tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilib, tibbiy tekshiruvdan o'tkaziladi.
Tuman tibbiyot birlashmasining 2021 yil 30 aprel kunidagi bayonnomasiga ko'ra, fuqaro A.Baxriddin alkogol mast holda ekanligi, navbatchi shifokor tomonidan tana a'zolari ko'zdan kechirilganda, tanasida tan jarohatlari yo'qligi aniqlangan.
Fuqaro A.Baxriddinning harakatlarida O'zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 192, 194-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli hozirda mazkur holat yuzasidan Angor tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda
Shuningdek, to'plangan hujjatlarning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo'lgan qismi qonuniy baho berish uchun Angor tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati