Ijtimoiy tarmoqlarda "Agar men yo'qolib qolsam, bilingki meni qamashdi" sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan rasmiy munosabat:
Termiz shahar bo'yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining mas'ul xodimlari tomonidan ushbu videolavha yuzasidan o'rganish ishlari olib borilganida quyidagilar ma'lum bo'ldi.
2021 yil 22 may kuni soat 10:30larda fuqaro F.Salimova Termiz shahar bo'yicha IIO FMB ma'muriy binosiga murojaat qilib kelganida, Termiz shahar bo'yicha IIO FMB tashkiliy-tahlil bo'linma murojaatlar bilan ishlash guruhi katta inspektori tomonidan qabul qilingan va u shu kuni soat 09:50larda Termiz shahar hokimiyatiga murojaat qilib borganida, 1-qavatida ishlovchi 2 nafar ayollar tahdid qilib, urib tan jarohati etkazganligi sababli ushbu ayollarga nisbatan chora ko'rishni so'rab ariza bilan murojaat qilgan.
Shundan so'ng, fuqaro F.Salimovaning arizasi yuzasidan hududiy profilaktika katta inspektori mayor B.Sariev chaqirilganida, ushbu xodim kelguniga qadar fuqaro F.Salimova Termiz shahar bo'yicha IIO FMB ma'muriy binosi nazorat o'tish joyi oldida o'zining qo'l telefoni orqali video tasvirga olayotgan vaqtda, binodan chiqib kelgan, Surxondaryo viloyati Termiz shahar bo'yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-son IIB huqubuzarliklar profilaktikasi guruhi xotin-qizlar masalalari bo'yicha katta inspektori katta leytenant S.Allanazarova o'zini tanishtirib, xotin-qizlar masalalari bilan ishlash bo'yicha katta inspektor ekanligini aytib, uni xizmat xonasiga taklif qilganida, F.Salimova ushbu xodimaning gaplarini eshitmasdan o'zining harakatlarini davom ettirgan.
Profilaktika katta inspektori etib kelganida, fuqaro F.Salimova ketib bo'lganligi uchun uning yashash uyiga borib, uning arizasi yuzasidan tushuntirish xatini olib, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlash to'g'risida qaror bergan.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan profilaktika katta inspektori tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati