IIV Surxondaryo akademik litseyida bayram tadbiri bo'lib o'tdi
Bugun ustoz degan ulug' va sharafli nom egalari qadrlanadigan kun, shodiyonasi, bu buyuk zotlar borki ularning xizmat va mehnati samarasi ila yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, davlatimiz mustahkam, dunyo sahnida o'z obro' va e'tiborga ega davlatlar qatorida.
Ushbu ayyomda qadrdon maktabimiz, bizga harf o'rgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi ko'z oldimizda gavdalanadi. Biz uchun ibrat maktabi va namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo'lgan aziz va mo''tabar zotlar sha'niga eng go'zal so'zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Zero, millatning, xalqning ertasi, taraqqiyoti aziz ustozlar qo'lida!
Dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlari qatoridan munosib o'rin egallash avvalo ilm-fan va ta'lim-tarbiya sohasining rivoji bilan amalga oshiriladi.
Mana shunday sohani egallagan ustoz va murabbiylarimiz ichki ishlar vazirligi tizimini munosib kadrlar bilan ta'minlashda qilayotgan ezgu ishlari va berayotgan saboqlariga tahsinlar aytildi.
Joriy yilning 30 sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi Surxondaryo akademik litseyida "1 oktabr-o'qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda o'quvchilar, o'qituvchilar hamda ichki ishlar organlarida uzoq yillar benuqson xizmat qilgan faxriylar taklif etildi.
Bayram tadbirini viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i polkovnik Abduvohid Ismoilov ochiq deb e'lon qilib, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonovning 1 oktabr – "O'qituvchi va murabbiylar kuni" bayrami munosabati bilan bayram tabrigini o'qib eshittirib, tadbir qatnashchilarini o'zi va ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi nomidan tabriklab samimiy tilaklarini bildirdi.
Shundan so'ng, boshqarma boshlig'i tomonidan O'zbekiston Respublikasi IIV Surxondaryo akademik litsey o'qituvchilarining bir guruhiga, boshqarma boshlig'ining pul mukofotlari va esdalik sovg'alari tantanali ravishda topshirildi. IIV Surxondaryo akademik litseyi direktori podpolkovnik Baxtiyor Bo'riev ham ishchi xodimlarga esdalik sovg'alarini ulashdi.
Surxondaryo viloyati IIB Faxriylar Kengashi raisi iste'fodagi podpolkovnik Erkin Qodirov ham so'zga chiqib, ta'lim dargohida faoliyat olib borayotgan o'qituvchi va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
IIV Surxondaryo akademik litseyida tashkil etilgan bayram tadbirida, akademik litseyi o'quvchilarining ustoz va murabbiylarni, ona Vatanni madh etuvchi kuy qo'shiqlari, badiiy va sport chiqishlari bayram ishtirokchilarining ko'ngliga quvonch va shodlik ulashdi.
Tadbir davomida, litsey o'quvchilarining safda tantanali yurishi o'tkazildi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati