IIV Madaniyat saroyi qo‘shiq va raqs ansamblining konsert dasturi Sariosiyo tumani hamda Termiz shaharlarida tashkil etildi.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi IIVning
2024 yil 20 fevral kunidagi tegishli farmoyishi talablari ijrosini ta’minlash maqsadida,
Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi qo‘shiq va raqs ansamblining xushovoz xonandalari
va so‘z ustalari ishtirokida konsert dasturi o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib,
Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan san’atkorlar, xonanda va sozandalar hamda
badiiy so‘z ustalari ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan xizmatni o‘tash
vaqtida vafot etgan xodimlarning oila a’zolari, nogiron bo‘lib qolgan xodimlar hamda
faxriylarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, konsert dasturlari
o‘tkazilib kelinmoqda.
Har yilgi an’ananga muvofiq konsert dasturlari Surxondaryo
viloyatidan boshlandi. Ma’lumot uchun konsert dasturlari joriy yilning 3-aprel kuni
Surxondaryo viloyatining Qiziriq hamda Muzrabot tumanlari markaziy o‘yingohlarida,
4-aprel kuni esa Sariosiyo tumani markaziy o‘yingohida hamda Termiz shahrida joylashgan
San’at saroyi yozgi anfiteatrida tashkil etildi.
Termiz shahrida tashkil etilgan konsert dasturi davomida
viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tarkibiga kiruvchi sohaviy xizmatlarning maxsus
texnikalari, qurol aslahalari hamda Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadining
jangovar chiqishlari konsert dasturiga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun namoyish
etildi. Ushbu tashkil etilgan tadbirlar asnosida fuqarolar maxsus texnikalardan
foydalanish jarayonlari haqida o‘zlari qiziqqan savollarga javob olishdi.
Shundan so‘ng, Termiz shahar kambag‘allikni qisqartirish
va bandlik bo‘limi bilan hamkorlikda Ichki ishlar organlariga biriktirilgan viloyat
3- sektor hududida istiqomad qiluvchi uyushmagan yoshlar uchun mehnat yarmarkasi
ham tashkil etilib, yoshlarni ish bilan ta’minlash shu bilan birga ularni qiynab
kelayotgan muammolarini ijobiy hal etishga qaratilgan ezgu ishlar davomiyligi ta’minlanmoqda.
O‘tkazilgan konsert dasturida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
elimizning hushovoz san’atkorlari hamda so‘z ustalari tomonidan ijro etilgan kuy
qo‘shiqlari, dil tortar navolari-yu, hangomalari konsert dasturiga tashrif buyurgan
tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirining 2024 yil 9 martdagi tegishli farmoyishi asosida yoshlarni madaniyat, san’at va boshqa ijodiy sohalardagi iqtidorlarni namoyon
etishlari uchun munosib sharoitlar yaratish, yosh avlod qalbida vatanga muxabbat
va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirishga qaratilgan “Dillarda vatan madhi” shiori
ostida o‘tkazilgan qo‘shiq va she’riyat tanlovining viloyat bosqichida faxrli o‘rinlarni
egallagan yoshlar O‘zbekiston Respublikasi IIV Madaniyat saroyi boshlig‘i podpolkovnik
U.Tillaev hamda viloyat IIB rahbariyati tomonidan diplom va pul mukofotlari tantanali
ravishda topshirildi.
Konsert dasturi davomida
"Omadli ishtirokchi" o‘yini ham tashkil etilib, o‘yinda g‘olib bo‘lgan
yetti nafar ishtirokchilarga qimmatbaho esdalik sovg‘alar ham topshirildi.
Konsert dasturi yakunida, O‘zbekiston Respublikasi IIV
Madaniyat saroyi boshlig‘i podpolkovnik U.Tillaev boshchiligidagi san’atkorlar hamda
Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, xizmat vaqtida halok
bo‘lgan xodimlarning oila a’zolari va farzandlari bilan dildan suhbat qurishib,
ularga esdalik sovg‘a salomlar elimiz suygan san’atkorlar tomonidan ulashishdi.
Xalqimizning madaniy va ma’naviy hordiq chiqarishlari
uchun o‘tkazilayotgan konsert dasturi respublikamizning barcha viloyatlarida davom
etadi.