IIV ishchi guruhi Boysun tumanidagi ijtimoiy holatni ko‘zdan kechirdi
2023 yil 7 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV ishchi guruhining Boysun tumaniga tashrifi chog‘ida mazkur tumanda istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan 4 ta xonadonning yashash tarzi va oilaviy ahvolidan xabar olindi. Shuningdek, tumanda olib borilayotgan obodonlashtirish va qurilish ishlari bilan yaqindan tanishildi.
Jumladan, tumanning "Obi" mahallasi Gulzor ko‘chasida yangidan barpo etilayotgan, 150 o‘ringa mo‘ljallangan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Bog‘chada 55,5 foiz qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, joriy yilning sentabr oyiga qadar to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Ishchi guruh tumanning "Mustaqillik" mahallasi Olmazor ko‘chasining 1,5 km avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, ushbu yo‘llarning yoqalarida beton qoplamali ariqlar yotqizish, manzarali turli namunadagi gullar ekish va uni tomchilab sug‘orish ishlari qanday olib borilayotgani bilan tanishib, kamchiliklar bo‘yicha o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berishdi.
Bundan tashqari, Boysun tumani 3-sektoriga qarashli "Sayrob" mahallasi Obgir qishlog‘i Sharshara ko‘chasida yashovchi, avtohalokatdan so‘ng 25 yildan buyon to‘shakka mixlanib qolgan, 1-guruh nogironi fuqaro Rahmon Jumaqulovning holidan xabar olindi. O‘rganish jarayonida fuqaro tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi va zaruriy dori-darmonlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, ushbu fuqaroning avtohalokatdan so‘ng umurtqa pog‘onasi singanligi oqibatida 2 oyog‘i va bir qo‘li falaj bo‘lib qolganligi uchun nogironlik aravachasiga ehtiyoji borligi sababli unga IIV ishchi guruhi vakili, sektor va tibbiyot rahbarlarining tashabbusi va homiylar ko‘magida 12 xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va elektron nogironlik aravachasi berildi.
Xuddi shuningdek, mazkur mahallada istiqomat qilayotgan, tug‘ma 2-guruh nogironi fuqaro Jasurbek Narzullaevning ham oilaviy sharoiti o‘rganilib, tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi va mazkur oilaning nogironlik nafaqasidan boshqa daromad manbaiga ega bo‘lmaganligi uchun IIV ishchi guruhi vakili va sektor rahbarining tashabbusi hamda homiylar ko‘magida 12 xil turdagi oziq va nooziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
"Obi" mahallasi Olmazor ko‘chasida yashovchi, 2-guruh nogironi fuqaro Berdieva Dildora Sobirovna ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zaruriy dori-darmonlar berildi. Shuningdek, IIV ishchi guruhi vakili va sektor rahbarining tashabbusi hamda homiylar ko‘magida 12 xil turdagi oziq va nooziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
"Obi" mahallasi Gulzor ko‘chasida yashovchi, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro Vohidova Lola Shavkatovnaning IIV ishchi guruhi vakili, sektor rahbari va tuman tibbiyot birlashmasi vakillari ishtirokida yashash tarzi va oilaviy sharoiti o‘rganildi. O‘rganish jarayonida mazkur fuqaro tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, zaruriy dori-darmonlar berildi. Shuningdek, IIV ishchi guruhi vakili va sektor rahbarining tashabbusi hamda homiylar ko‘magida 12 xil turdagi oziq va nooziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.