IIB xodimlari viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida bo'lishdi
Viloyat IIB xodimlari Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 29 yillik bayrami oldidan joylarda turli tadbirlarga tashabbuskorlik qilmoqda. Tadbirlarda xizmat faoliyati davomida halok bo'lganlar, keksa faxriylar bilan birga muruvvat uylarida yashovchilar holidan xabar olishib, ularga bayram kayfiyatini ulashmoqda.
Kuni kecha Jarqo'rg'on tuman IIB xodimlari tumanda joylashgan viloyat bolalar ftiziatriya sihatgohida bo'lib, u erda silga qarshi davolanayotgan 3-14 yoshli bolajonlar holidan xabar olishdi. Tuman IIB xodimlari tashabbusi bilan muassasada qo'y so'yilib, osh damlandi. Bolajonlar uchun bayra dasturxoni tuzaldi.
— Bundan tashqari, sihatgohda davolanayotgan bolajonlarga badiiy hamda kichik yoshdagilarga ertak kitoblar, turli o'quv qurollari ham sovg'a qilindi, — deydi Jarqo'rg'on tuman IIB boshlig'ining tarbiyaviy ishlar bo'yicha o'rinbosari, mayor Umarali Choriev. — Biz ham ularning quvonganini ko'rib, zavqlandik. Ezgu ishlar kishiga yanada kuch va boshqacha kayfiyat berishiga yana bir bor amin bo'ldik.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati