IIB xodimlari IT texnologiyalar bo'yicha o'qitilayapti
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 noyabrdagi "axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-4024-son qarori ijrosini ta'minlash hamda Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining axborot texnologiyalari sohasida amaliy bilim tajribasini oshirish maqsadida Termiz davlat universitetida o'quvlar tashkil etildi.
Unda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi xodimlari ishtirok etmoqda.
O'quvlar jarayonida esa ular axborot texnologiyalari vositalaridan qanday foydalanish mumkinligiga doir saboqlarni olishmoqda.
Kurs 2021 yilning fevral oyidan boshlab Termiz davlat universiteti o'quv binolarida shartnoma asosida tashkil etildi.
Mamlakatimizda milliy axborot tizimini shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish ko'lamini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirining "O'zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikasiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi bajarilishining borishi to'g'risida" gi axboroti eshituvida shu haqda batafsil ma'lumot berildi.
Bugungi kunda global iqtisodiyotda kompyuter va telekommunikasiya texnologiyalari, dasturiy ta'minot mahsulotlarini ishlab chiqarish va ular asosida keng turdagi interfaol xizmatlar ko'rsatishni o'z ichiga olgan axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasining roli va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Shu ma'noda tashkil etilgan mazkur yo'nalishdagi kurslar asosan, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, apparat vositalari va dasturiy mahsulotlar, himoya vositalari va boshqa texnik vositalarni o'rganishga yo'naltirilgan bo'lib, o'quv mashg'ulotlariga malakali mutaxassislar jalb etilgan.
O'n kunlik darslar davomida ishtirokchilar olgan bilimlarini amaliyotda qo'llay olish imkoniyatiga ega bo'lishadi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati