Ichki ishlar vazirligining 2023-yil 28-fevral kunidagi tegishli farmoyishiga asosan Surxondaryo viloyati IIO xodimlari bilan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvar kunidagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-10-son qarori, Ichki ishlar vazirligining 2023-yil 28-fevral kunidagi tegishli farmoyishi talablariga asosan, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati xodimlariga Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyati va xizmat intizomi kodeksining mazmun-mohiyatini chuqur singdirish hamda ularning fuqarolar bilan muloqot jarayonida kasbiy mahorati, muomala madaniyatini oshirish, vaziyatni to‘g‘ri baholash va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilindi.
O‘quv yig‘inida, viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati, jangovar va jismoniy tayyorgarlik bo‘limi, Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi va Tibbiyot bo‘limining malakali xodimlari ishtirokida o‘quv darslari o‘tkazildi.
O‘quv mashg‘ulotidan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvar kunidagi «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-10-son Qarorining mazmun-mohiyatini chuqur singdirish hamda xodimlarning fuqarolar bilan muloqot jarayonida kasbiy mahorati, muomala madaniyati, vaziyatni to‘g‘ri baholash va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini yanada oshirishdir.
Shuningdek, xodimlarning xizmat vazifalarini bajarish vaqtida, jangovar harakatlarda, vaziyat keskin o‘zgargan ekstremal sharoitlarda hamda jangovar shaylikning yuqori darajalarida samarali va ishonchli harakat qilishi, yuklatilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishi uchun zarur bo‘lgan harbiy mahorat, tezkor-taktik fikrlash, shuningdek, yuksak axloqiy-ruhiy va jismoniy holatini shakllantirishga yo‘naltirilgan tayyorgarlik mashg‘ulotlari hisoblanadi.
Hozirda Surxondaryo viloyati IIBda qonunchilik normalari asosida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishga, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, murakkab va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan xodimlarni tayyorlash bo‘yicha tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.