18 Aprel 2025 yil
1085
Ichki ishlar vazirligi tomonidan otaliqqa olingan Termiz shahridagi 7-sonli ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabida sport turlari bo‘yicha “Ichki ishlar vazirining kubogi” uchun musobaqa o‘tkazildi.
Yosh avlodni qonunga ehtirom va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash – kelajagimizning kafolatidir.
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, yosh avlodni qonunga itoatkor,
ma’nan yetuk va jismonan barkamol qilib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan
islohotlar tobora yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga
oid faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi
PQ-110-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizning turli hududlarida
keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu kabi muhim tashabbuslar doirasida joriy yilning 15–18 aprel
kunlari Termiz shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 7-sonli ayrim
fanlarga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabida yosh avlodni ma’naviy
va jismoniy barkamol qilib tarbiyalash, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish,
ularni qonunga hurmat ruhida voyaga yetkazish maqsadida katta ahamiyatga ega sport
tadbirlari tashkil etildi.
Mazkur musobaqalar “Ichki ishlar vazirining kubogi” uchun o‘tkazilib,
unda Termiz shahridagi maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari shaxmat, shashka, mini-futbol,
stol tennisi va voleybol kabi sport turlarida o‘z mahoratlarini namoyon etdilar.
Haqiqiy ruhiy ko‘tarinkilik, do‘stlik va sog‘lom raqobat muhitida o‘tgan ushbu musobaqalar,
albatta, yoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jamoada ishlash ko‘nikmalarini
shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho
sovg‘alar hamda esdalik mukofotlari topshirildi. Bu esa yoshlar qalbida yangi g‘oya
va intilishlar uyg‘otib, ularni yanada faol va ibratli fuqarolar sifatida tarbiyalashda
muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shubhasiz, bu kabi tadbirlar yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yosh avlodning huquqbuzarlikdan yiroq turishi, yurtiga sadoqat bilan xizmat qilishga undovchi muhim qadamlardan biridir.