Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Surxondaryo ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari faoliyati o‘rganildi
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bahodir
Mirzarahimov boshchiligidagi ishchi guruh vakillari Surxondaryo viloyati hududidagi
o‘rganishlarini IIVga qarashli Termiz tumanida joylashgan Xalqaro aeroportlarda
xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha alohida batalonida bo‘lishdi. U yerda harbiy qism
xizmatchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda 2022-2023 yillar davomida harbiy xizmatchilarning
erishgan yutuqlari va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari tahlil qilindi. Tahlil davomida
kamchiliklarni bartaraf etish, harbiy intizomni mustahkamlash bo‘yicha tegishli
mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, ishchi guruh vakillari harbiy qismdagi shart-sharoitlar,
askarlar yotoqxonasi, oshxonasi, harbiy qism kutubxonasi, Vatanparvarlik burchagi
bilan tanishishdi. U yerdagi obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirishdi.
Navbatdagi manzil Surxondaryo viloyati IIB Xavfsiz turizmni
ta’minlash boshqarmasi bo‘ldi. Zamonaviy jihozlangan boshqarma binosi va unda yaratilgan
sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Moddiy-texnik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot
berildi. Binoda ishga tushirilgan situatsion markaz hamda sayyohlar uchun tashkil
etilgan navbatchilik qismi faoliyati o‘rganildi. Jarayonda bugungi kunda vohaga
tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish hamda ularning
xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berildi.
Bugungi kunda temir yo‘llarda yo‘lovchilarning xavfsizligini
ta’minlash, turli ko‘rinishdagi talon-torojlikni oldini olishda viloyat IIB Transportlarda
xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tunu kun mehnat qilishmoqda. Mehmonlar
ushbu boshqarma xodimlarining ham ish faoliyatini o‘rganishdi. Bugun mazkur yo‘nalishda
xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, jinoyatchilikni oldini olish borasidagi
natijalar bilan tanishishdi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan esa tegishli
topshiriqlar berildi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi
guruh tomonidan Surxondaryo viloyatidagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Surxondaryo viloti IIB Axborot xizmati