Hokim koronavirusga qarshi kurash choralari bilan tanishdi
Surxondaryo viloyati hokimi To'ra Bobolov viloyat sektorlari rahbarlari bilan birgalikda Termiz shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi binosida yaratilgan sharoitlar, mavjud muammolarni chuqur o'rgandi.
Prezidentimiz 18 mart kuni mahalla va oila masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida koronavirus muammosiga alohida to'xtalib, so'nggi yillarda sanitariya-epidemiologiya masalasiga jiddiy ahamiyat berilayotganini alohida ta'kidladi. O'tgan yillarda soha e'tibordan chetda qolgani uchun uning moddiy-texnik bazasi, ayniqsa, laboratoriyasi, tibbiy anjom va jihozlari achinarli holatga kelib qolganini ham qayd etdi.
Viloyat hokimlariga joylardagi sanitariya-epidemiologiya muassasalarini birma-bir aylanib, laboratoriya-diagnostika, tibbiy vosita va jihozlar bilan ta'minlanganlik darajasini, kadrlar salohiyati, oylik maoshi kabi muammolarni chuqur o'rganish, ichki moliyaviy imkoniyatlar asosida ularni yil oxiriga qadar bartaraf etish, zaxiralar shakllantirish bo'yicha alohida dasturlar ishlab chiqib, bajarish yuzasidan tegishli vazifalarni berdi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida sektorlar rahbarlari va soha mutaxassislari bilan shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazini ko'zdan kechirgan viloyat hokimi uch qavatli binoni aylanib, xonalarni birma-bir ko'zdan kechirdi. Markaz xodimlari bilan suhbatlashib, muammolari bilan qiziqdi.
Foydalanishga topshirilganiga 26 yil bo'lgan ushbu binoning birinchi qavatida ma'muriyat, parazitologiya laboratoriyasi va majlislar zali joylashgan. Ikkinchi qavatda bakterialogik laboratoriyasi va epidemiologiya bo'limi, uchinchi qavatida sanitariya-gigiena laboratoriyasi faoliyat yuritmoqda. Uch yil muqaddam birinchi va ikkinchi qavatlarning bir qismi ta'mirlanib, barcha turdagi yuqumli kasalliklar tahlilini bir kecha-kunduzda chiqarib bera oladigan xorijning zamonaviy laboratoriyasi uskunalari bilan jihozlangan.
Markaz bosh vrachi N.Yo'ldoshevning aytishicha, binoning birinchi va ikkinchi qavatlarida ham ta'mirtalab xonalar mavjud. Uchinchi qavati bir qismi kapital ta'mirlashga muhtoj bo'lib qolgan. Mebel va boshqa jihozlar etishmaydi. Hisob-kitoblarga ko'ra, ayni paytda 3,5 milliard so'mlik kerakli reaktiv va tibbiy jihozlarga ehtiyoj sezilmoqda.
Viloyat hokimi nafaqat Termiz shahri balki, vohada tibbiy va sanitar barqarorlikni, jamoat salomatligini ta'minlash, kasalliklar profilaktikasi va sog'lom turmush tarzini tashkil etish uchun barcha zarur choralar ko'rilishini ta'kidladi. Mavjud kamchiliklar bartaraf etilishini qayd etdi.
Shu kuni viloyat hokimi va sektorlar rahbarlari viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham bo'lib, tibbiyot muassasasi bilan tanishdi. Tibbiyot xodimlari hamda bemorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.