Xizmat intizomi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Ichki ishlar organlarida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, qonun buzilishi holatlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish maqsadida doimiy ravishda profilaktik tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Kuni kecha Denov tumanida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda viloyat Qo‘riqlash boshqarmasi rahbariyati, Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi mas’ullari, Sho‘rchi, Oltinsoy, Denov, Sariosiyo va Uzun tumani Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari ishtirok etdilar. Unda qo‘riqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar xususida so‘z yuritilib, bo‘limlarda xizmat intizomini ta’minlash, qonunbuzarliklarning oldini olish, xizmat vazifalarini mas’uliyat bilan bajarish, jamoatchilik bilan muomala madaniyati hamda shaxsiy tarkib o‘rtasidagi ichki munosabatlar muhokama qilindi. Rahbariyat tomonidan ayrim xodimlarning xizmatda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari tahlil qilinib, intizomiy choralar ko‘rilgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarayotgan xodimlar ham alohida e’tirof etildi. Xodimlar avvallo muomala madaniyatiga e’tibor qaratishlari, belgilangan tartib qoidalar va qonunchilikka qat’iy rioya etgan holda xizmatni olib borishlari, avtomashina boshqarganda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlari lozimligi ta’kidlandi. Korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, uning oldini olish har bir xodim uchun birdek tegishli bo‘lgan vazifa, mas’uliyat hisoblanishi aytib o‘tildi. Xodimlar bilan muntazam ravishda profilaktik tarbiyaviy suhbatlar olib borish, ularning xonadonlarigi borgan holda oilaviy sharoitlari, muammolarini o‘rganish, huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish yuzasidan qo‘riqlash bo‘limlari mas’ul ofitserlariga tegishli vazifalar yuklatildi.