19 Oktyabr 2025 yil 133

“Xavfsiz kiber makon” — har bir fuqaro mas’uliyati!

Bugungi kunda internet hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Biroq u bilan bir qatorda yangi turdagi tahdidlar — kiberjinoyatlar ham ortib bormoqda. Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy ravishda o‘zlashtirish, onlayn firibgarlik, fishing orqali aldov yo‘li bilan mablag‘ egallash kabi holatlar kundalik hayotda tez-tez uchramoqda.

Shu bois, jamiyatda kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, aholining internetdan ongli va xavfsiz foydalanish ko‘nikmasini oshirish maqsadida joriy yil oktabr oyi davomida mamlakatimiz bo‘ylab “Xavfsiz kiber makon” targ‘ibot oyligi o‘tkazilmoqda.

Shu doirada Surxondaryo viloyati Termiz shahrida ham sohada mas’ul idoralar hamkorligida aholi o‘rtasida keng qamrovli targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Tadbirda Termiz shahar prokurori o‘rinbosari Hazratqulov Komil, viloyat IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari hamda Milliy gvardiyaning tegishli bo‘linmalari ishtirok etdi.

“Yashil dunyo” markaziy dehqon bozori hududida o‘tkazilgan uchrashuv davomida savdogarlar va xaridorlarga kiberxavfsizlikning asosiy qoidalari, internet orqali yuz berishi mumkin bo‘lgan xatarlar haqida tushuntirish berildi. Ayniqsa, onlayn firibgarlik, fishing, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar yetkazildi.

Fuqarolarga maxsus axborot risolalari va tavsiyanomalar tarqatilib, turli vaziyatlarda qanday chora ko‘rish, kimlarga murojaat etish kerakligi haqida ham ma’lumot berildi.

Bunday tadbirlar nafaqat kiberjinoyatlarning oldini olishga, balki fuqarolarda shaxsiy ma’lumotlarga nisbatan mas’uliyat tuyg‘usini oshirishga xizmat qiladi.

Esda tuting: “Internetdagi har bir bosganingiz iz qoldiradi.” Shaxsiy ma’lumotlaringizni har kim bilan bo‘lishmang, ishonchsiz havolalarni ochmang va shubhali onlayn operatsiyalarga aldanmang.

Chunki xavfsiz kiber makon — bu faqatgina davlat idoralarining emas, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyatidir!

Text to speech