5 May 2020 yil 777

Facebook ijtimoiy tarmog'i orqali qilingan murojaat o'z isbotini topmadi

Joriy yilning 18 aprel kuni Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumani "katta Savur" shaharchasida yashovchi fuqaro Bahriddin Baratov ijtimoiy tarmoq orqali O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonovga murojaat etib, IIVning 1102 qisqa raqamli "ishonch telefoni"ga qo'ng'iroq qilgani, biroq, u erdagilar navbatdagi tartib raqami kelishi kutishini aytishgani, 13 daqiqagacha kutsa ham "vals" musiqasi qo'yib berilib, boshqa javob berilmaganini ma'lum qilgan. Murojaatdan maqsad Sho'rchi tumani IIBdan shikoyat qilib, noroziligini bildirmoqchi bo'lgan.
Gap shundaki, profilaktika inspektori, kapitan Tursun Shoymardonov Sho'rchi tumani "Yoshg'ayrat" mahallasida yashovchi fuqaro Xolmurod Bekmurodovning tuman prokurori nomiga yozgan arizasi yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borgan va to'plangan xujjatlar bilan tanishib chiqib, O'zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-qismiga ko'ra jinoyat ishi qo'zg'atishni rad etgan. Shu jarayonda Sho'rchi tumanidagi "Qilichbek Obod" fermer xo'jaligi rahbari Bahriddin Baratovning nomiga viloyat IIB tezkor ma'lumotlar bo'limidan talabnoma tekshirganida uning muqaddam sudlanganligi holati aniqlangan. Shundan so'ng ushbu fuqaro bilan suhbatlashgach, sudlanganlik holati 2018 yil sud tomonidan olib tashlanganini ma'lum qilgan. Profilaktika inspektori bu holatni viloyat IIB tezkor ma'lumotlar bo'limi bilan taqqoslab, B.Barotovning sudlanganlik holatini olib tashlash haqida belgi qo'yilishiga erishgan. Surishtiruv chog'ida Sho'rchi tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'linmasi tayanch punktlari profilaktika inspektori kapitan T. Shoymardonov tomonidan biron-bir qonunbuzilishi yoki xizmat intizomi buzilishi holati sodir etilgani aniqlanmadi.
Buni qarangki, B. Baratov go'yoki profilaktika inspektori, kapitan T.Shoymardonovning xatti-harakatlaridan, xususan, u viloyat IIB tezkor ma'lumotlar bo'limi bazasida ilgari sudlanganlik holati ko'rinib turganini aytganidan noroziligini bildirmoqchi bo'lib, IIVning 1102 qisqa raqamli "ishonch telefoni"ga qo'ng'iroq qilgan emish. Keyinchalik esa o'zining ilgari sudlanganlik holati 2018 yilda muddati tugaganligi sababli jinoyat ishlari bo'yicha Surxondaryo viloyat sudi tomonidan olib tashlanganini, IIV axborot markazidan ham ushbu holat o'chirilganini bilib olibdi. Ayni paytda T.Shoymardonov va boshqa ichki ishlar organlari xodimlariga e'tirozi ham yo'q ekan. Shuningdek, suhbat chog'ida u IIVning 1102 qisqa raqamli "ishonch telefoni"ga qo'ng'iroq qilgani, biroq, u erdagilar navbatdagi tartib raqami kelishi kutishini aytgani, hatto shu kuni 13 daqiqagacha kutsa-da, lekin "vals" musiqasi qo'yib berilib, boshqa javob berilmagani haqidagi vaji yuzasidan etarlicha guvoh, dalil va isbot topib berolmay mulzam bo'lib qoldi.
Shu o'rinda fermer o'ziga yarashadigan ish qilgan, deb o'ylaysizmi?...
Aslida qonun ustuvorligini ta'minlab, o'z hududidagi fuqaroning huquqlarini himoya qilgan profilaktika inspektori hamda ichki ishlar vazirligining "ishonch telefoni" xizmatchilarini ijtimoiy tarmoq orqali yomon otliq qilishdan maqsad nima? Har qalay bunday xatti-harakatlarni amalga oshirishdan oldin, fuqarolar uning jamiyatga tasirini bir o'ylab ko'rsa yaxshi bo'lar edi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech