"Ezgulik otryadi" ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko'rsatmoqda
Surxondaryo viloyat ichki ishlar idoralari xodimlari koronavirus infektsiyasining viloyat hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo'yicha ko'plab chora - tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, fuqarolarga karantin qoidalariga va belgilangan cheklovlarga qat'iy rioya etish va jamoat joylarida niqoblarni taqib yurish bo'yicha doimiy targ'ibot ishlari olib borilmoqda. Dunyo bo'ylab yoyilgan bu ofatni tinch,osayishta va sarosimaga berilmasdan engishning mazmun-mohiyati keng tushuntirilayapti. Ko'cha va bozorlarda osuda harakatni ta'minlashga e'tibor kuchaytirilmoqda.
Bugun ichki ishlar organlari xodimlari yana bir ezgu ishga qo'l urdi. Sog'liqni saqlash vazirligi qoshida tashkil etilgan "mehr shavqat va salomatlik" jamoat fondi hisob raqamiga pul mablag'lari o'tkazildi. Shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, polkovnik Abduvohid Salomovich Ismoilov rahbarligidagi "ezgulik otryadi" a'zolari Termiz va Muzrabot tumanlarida yashovchi 30 nafar kam ta'minlangan, ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko'rsatib, moddiy-ma'naviy qo'llab-quvvatladi. Ular uchinchi sektor hududidagi ikki tumanda istiqomat qilayotgan 15 tadan kam ta'minlangan oilaga 25 kg un, 5 litr o'simlik yog'i, 2 kg go'sht mahsuloti, 10 kg. piyoz, 10 kg kartoshka, 5 kg makaron, 2 kg shakar, 5 dona sovun va 10 donadan niqob va boshqa birlamchi ehtiyoj mollari bepul tarqatildi.
Bunday ezgu ishlar viloyat ichki ishlar organlari barcha xodimlarining nafaqat o'z xizmati bilan balki, moddiy jihatdan ham koronavirusga qarshi kurashga qat'iy bel bog'laganiga yaqqol dalildir.
Osayishtaligimiz posbonlari tomonidan Termiz shahri va boshqa tumanlarda ham pandemiyaning voha hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo'yicha targ'ibot ishlari hamda hayriya tadbirlari davom ettirilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati