27 Aprel 2023 yil 486

Yotgan yotar, qidirgan topar

Oydin tun, atrof go‘yoki suv quyilganday jim-jit. Bahorning yengil nafasi urib turgan Termizdagi asosiy ko‘chalarda ichki ishlar organlari xodimlari bedor yurishibdi. Navbatchilik qilishmoqda.

Soat millari 2:00 ga borib qolgan mahalda shahar markazida joylashgan “Do‘stlik” mahallasida yashovchi Salim Toirovning yashash uyi atrofida noma’lum shaxslarning sharpasi oralaganday bo‘ldi. S.Toirovga tegishli oq rangli “Matiz” rusumli avtomashinasi uy oldiga qo‘yilgan, xonadon egalari esa shirin uyquda edi. Ikki kishi mashinaga yaqinlashib, eshigi yoniga kelishdi va uni maxsus asbob yordamida ochib, o‘t oldirdi. Atrofda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilishgach, mashinani sekingina olib qochib ketishdi.

Erta tongda uyqudan uyg‘ongach, hovlisida turgan mashinasi g‘oyib bo‘lganini fahmlagan S.Toirovning es-hushi uchdi. Bir pas nima qilishini bilolmay, sarosimaga tushdi. Lekin, tezda o‘zini qo‘lga olib, viloyat IIB “102” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan voqea haqida xabar berdi.

Ushbu holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida avtomobil Termiz tumani “Jo‘yjangal” mahallasi hududidan topildi. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda 10 dona qo‘l barmoq izlari topildi. Viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi “Shaxsni portret va daktiloskopik identifikatsiya qilish guruhi”da mavjud bo‘lgan “Avtomatlashtirilgan daktiloskopik taqqoslash  tizimi”dagi fuqarolar hamda muqaddam sudlangan va jinoyatga moyil shaxslarning qo‘l barmoq izlari tushirilgan daktoxaritalari bilan solishtirib tekshirib ko‘rilganda, 1 dona yaroqli qo‘l barmoq izi Termiz shahrida yashovchi B.Jumanov nomiga to‘ldirilgan daktokartasidagi o‘ng qo‘l o‘rta barmoq iziga mos kelganligi ma’lum bo‘ldi. Yana 1 dona yaroqli qo‘l barmoq izi Termiz shahar “Guliston” mahallasida yashovchi I.Madaminovning chap qo‘l nomsiz barmoq iziga mos kelganligi  aniqlandi. Shu tariqa viloyat Ekspert-kriminalistika markazi xodimlarining hushyor harakatlari natijasida jinoyat issiq izida fosh etildi.

  • Joriy yilning o‘tgan 3 oyi davomida viloyat hududida sodir etilgan

Jinoyatlarda olingan qo‘l-barmoq izlari viloyat IIB EKM “Shaxsni portret va daktiloskopik identifikatsiya qilish guruhi”da mavjud bo‘lgan “Avtomatlashtirilgan daktiloskopik taqqoslash tizimi” orqali 9 ta jinoyat fosh etilishiga erishildi, —  viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi Davlat o‘q-gilzotekasi yuritish guruhi bosh eksperti, mayor Foziljon Xasanov. — Olib borilgan tekshiruvlar natijasida yana 2 nafar shaxsi noma’lum murdalarning shaxsi aniqlandi.

Ha, bitta jinoyatni ochish uchun qancha mashaqqat chekiladi. Bu mashaqqatning ustida turgan ekspert-kriminalistika markazining uddaburon xodimlari ham bugun astoydil jinoyatlarni issiq izida fosh etishga harakat qilishayotir. Chunki, ekspertiza xulosalari jinoyat ishini oydinlashtirishda asosiy daliliy ashyo bo‘lib xizmat qilishini inobatga olsak, ushbu faktlarsiz jinoyatchiga munosib jazo choralari qo‘llashning imkoni bo‘lmaydi.

Feruza Rahmonqulova,

“Postda” muxbiri,

Surxondaryo viloyati

Text to speech