Yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish yo‘lida — “Jasorat maktabi”da navbatdagi o‘quv yig‘ini o‘tkazildi
Surxondaryo viloyati hududida istiqomat qilib kelayotgan, profilaktik hisobda turuvchi og‘ir toifaga kiruvchi hamda uyushmagan yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini shakllantirish, ularni sog‘lom muhitda tarbiyalash maqsadida “Jasorat maktabi”ning navbatdagi o‘quv yig‘ini tashkil etildi.
Tadbir Jarqo‘rg‘on tumanidagi harbiy
qismda bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i
polkovnik Timur Ismailov ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy muloqot qildi. Uchrashuv
davomida boshqarma boshlig‘i yoshlarga Vatanga muhabbat, fidoyilik va mas’uliyat
hissini yuksaltirish, to‘g‘ri yo‘ldan borish hamda jamiyatda o‘z o‘rniga ega inson
bo‘lib yetishish haqida hayotiy misollar asosida samimiy suhbat o‘tkazdi.
Shuningdek, Boshqarma boshlig‘i yoshlar
uchun harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy o‘quv mashg‘ulotlar jarayoni
va qism muzeyi bilan yaqindan tanishdilar. Ular uchun bilim va kasb-hunar egallashga
qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar, sport musobaqalari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar
tashkil etildi.
O‘quv yig‘ini jarayonida yoshlar o‘z
bilim va saviyalarini oshirish, vatanparvarlik hissini mustahkamlash hamda hayotda
to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Uchrashuv yakunida, o‘zlarining iqtidori
hamda tashabbuskorligi bilan faollik ko‘rsatgan yoshlarga boshqarma boshlig‘i tomonidan
badiiy kitoblar to‘plamlari topshirildi.
Bunday tashabbuslar yoshlarni sog‘lom hayot tarziga yo‘naltirish, ularni jamiyatga foydali fuqarolar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.