9 Aprel 2020 yil 824

EL BOSHIGA ISH TUSHGANDA

"EZGULIK OTRYADI" NING EZGU TASHABBUSI

Surxondaryo viloyati ichki ishlar idoralari xodimlari voha hududiga koronavirus infektsiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo'yicha nafaqat o'z xizmat burchlari balki, ehtiyojmand oilalarni moddiy-manaviy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya tadbirlari bilan ham ko'plab chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Shu maqsadda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, polkovnik Abduvohid Ismoilov rahbarligida "ezgulik otryadi" tashkil etildi. Tumanlarda yashovchi kam ta'minlangan, ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko'rsatish yo'lga qo'yildi. Osoyishta hayotimiz qo'riqchilari dastlab uchinchi sektor hududidagi Termiz va Muzrabot tumanlarida istiqomat qilayotgan 15 tadan kam ta'minlangan oilaga 750 kilogramm un, 150 litr o'simlik yog'i, shuningdek, go'sht, piyoz kartoshka, shakar, makaron kabi oziq-ovqat mahsulotlari va himoya niqobi, sovun singari birlamchi ehtiyoj mollarini bepul tarqatdi.

Bu tashabbusga qo'shilgan tuman ichki ishlar bo'limlari boshliqlari ham o'z sektorlari hududidagi mahallalarda yashayotgan odamlarning turmush sharoitini o'rganib, kam ta'minlangan, ehtiyojmand va nogironligi bor aholi xonadonlariga bepul oziq-ovqat mahsulotlari, gigiena vositalari va himoya niqoblari tarqatmoqda.

–Hozirgi sinovli kunlarda bunday ezgu ishlar kam ta'minlangan oilalarning oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojini to'laroq qondirib, ularni moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlashga ko'maklashayotir, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboev. – Shuningdek, sarosimaga o'rin qoldirmay, jahon bo'ylab yoyilgan bu ofatni tezroq bartaraf etishga aholining ishonch hissini uyg'otmoqda. Bugungidek og'ir damlarda davlat va xalq birligini keng namoyon etayotir.

Ayni damlarda viloyat ichki ishlar idoralari xodimlari infektsiyaning voha hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo'yicha ko'plab chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Shunday mas'uliyatli damlarda ularning joylardagi kam ta'minlangan, nogironligi bor va ehtiyojmand oilalarga "uyda qoling!"shiori ostida mehr-muruvvat ko'rsatayotgani ahamiyatlidir.

Ma'lumotlarga ko'ra, hozirgacha Boysun tumani ichki ishlar bo'limi xodimlari Darband, temir darvoza, Shifobuloq, Xo'jabulg'on, Sayrob, Dahnaijon va Tillakamar mahallalarida yashayotgan kam ta'minlangan, ehtiyojmand, nogironligi bor va ko'p farzandli oilalarga moddiy yordam ko'rsatdi. Bandixon tumani ichki ishlar idoralari tomonidan Zevar, Obod yurt, Xo'jaipok, bag'rikeng mahallarida istiqomat qilayotgan 20 xonadonga go'sht, kartoshka,shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, sanitariya-gigiena vositalari topshirildi. Jarqo'rg'on tuianida uchinchi sektor hududidagi 54, Oltinsoy tumanida 51 ehtiyojmand oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, sanitariya-gigiena vositalari, tibbiy niqoblar berildi.

Viloyatda faoliyat yuritayotgan "ezgulik otryadi"ning xayriya tadbirlari davom etmoqda.

Text to speech