Denov tumanida ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar uchun maxsus qabulxona tashkil etildi
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Shimoliy mintaqaviy hududiga qarashli Denov tumanida ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan yangi maxsus qabulxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu maskanda ma’muriy
jazo chorasi sifatida qamoqqa olingan fuqarolarni qabul qilish, ularni qonun doirasida
saqlash hamda huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish uchun barcha zarur
shart-sharoitlar yaratilgan.
Tashkil etilgan maxsus
qabulxona faoliyati bilan Surxondaryo viloyati IIB Boshqarma Shimoliy mintaqaviy
hudud muvofiqlashtirish markazi boshlig‘i podpolkovnik Sherzod Shodiev tanishdi.
U ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar bilan uchrashib, ularga kelgusida huquqbuzarliklar
sodir etilishining oldini olishga qaratilgan huquqiy tushuntirishlar berdi.
Suhbat davomida ekstremistik
va terroristik g‘oyalarning inson hayoti hamda jamiyat barqarorligiga salbiy ta’siri,
diniy niqob ostidagi turli g‘arazli harakatlarga ergashishning huquqiy va ijtimoiy
oqibatlari haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Shu bilan birga, fuqarolarni
qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning jamiyatga foydali a’zo sifatida qaytishlariga
ko‘maklashish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Yangi maxsus qabulxona faoliyati ma’muriy jazo ijrosi jarayonida insonparvarlik tamoyillariga amal qilish hamda profilaktika samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.