6 Aprel 2020 yil 828

Bobotog'da bir kilogramm kartoshka 3 ming 500 so'mdan sotilmoqda

Surxondaryo viloyatida koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yanada kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda. Odamlarning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta'minlash, fuqarolar hayoti va sog'lig'ini himoya qilish maqsadida joriy etilgan karantin davrida vohaning eng chekka, olis hududlarida ham narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olishga alohida e'tibor qaratilayotir.

Shu maqsadda viloyat ichki ishlar boshqaramasi boshlig'i, polkovnik A.Ismoilov uzun tumani hokimi B.Tursunov bilan tumanning eng chekka hududida joylashgan mahallalarda yashovchi kam ta'minlangan oilalarning turmush tarzi va yashash sharoitini o'rgandi. "Bobotog'", "Oqmachit", "Tolto'g'ay" hamda "Yangiobod" mahalla fuqarolar yig'inlari hududidagi oziq-ovqat do'konlari va dorixonalarni, tez-tibbiy yordam bo'limi hamda 76-qishloq oilaviy poliklinikasida yaratilgan shart-sharoitlarni ko'zdan kechirdi. Aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojini to'liq qondirish uchun mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Tog'li Bobotog'massivi uzun tumani markazidan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu erda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorligini ta'minlash uchun shu kuni 15 tonna un va kartoshka m ahsuloti olib borilib, sotilish narxi qatiy belgilab berildi.
Ayni paytda janubdagi vohaning eng chekka va olis hududida yashayotgan aholi bir qop unni 139 ming so'mdan, bir kilogramm kartoshkani 3 ming 500 so'mdan xarid qilmoqda.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i hududda karantin qoidalari va belgilangan cheklovlarga qat'iy rioya etish hamda jamoat joylarida niqob taqib yurish bo'yicha ham tegishli tavsiyalarni bildirdi.

Text to speech