5 Oktyabr 2024 yil 527

Bosh vazir o‘rinbosari Termiz tumanida xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova kuni-kecha viloyat hokimining o‘rinbosari Zulxumor Xidirova, viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik O‘roltosh Eshimova   va Termiz tumani hokimining o‘rinbosari Ma’rifat Rasulovalar hamrohligida “Termiz xalqaro savdo markazi” - “Airitom free zone”ga tashrif buyurdi.

Markaziy Osiyodagi birinchi erkin savdo zonasi O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida, Termiz tumani hududida joylashgan bo‘lib, qiymati 70 mln AQSh dollarni, umumiy maydoni 36 gektarni tashkil etadi. Hududda mehmonxona, tibbiyot klinikasi, biznes maktabi, yirik savdo va xizmat ko‘rsatish markazi, restoranlar, xostel hamda yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega logistika markazi hamda ishlab chiqarish korxonalari joylashgan.

Tashrif davomida, Bosh vazir o‘rinbosari klinika, ishlab chiqarish zonalari hamda majmua hududidagi boshqa obe’ktlar faoliyati, shuningdek, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mutasaddilarga yaratilgan keng ko‘lamli imkoniyatlardan samarali foydalangan holda hududdagi ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Shuningdek, tashrif davomida Termiz tumanida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, jamiyatda oila institutining rolini oshirish, ajrimlarning oldini olish vazifalari topshirildi.

Text to speech