Bir guruh shifokorlar viloyat IIB tomonidan taqdirlandi
Oliyjanob kasb egalari bo'lmish tibbiyot xodimlari har qanday vaziyatda inson salomatligi uchun kurashib, ularga malakali tibbiy xizmat ko'rsatib kelayotganliklari alohida e'tirofga molik. Ayniqsa, bu yil butun dunyo tibbiyot xodimlari uchun sinovli va mashaqqatli yil bo'ldi. Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat shifokorlar zimmasiga katta mas'uliyat Yukladi.
Ana shunday sinovli kunlarda o'z hayotini va sog'lig'ini xavf ostiga qo'yib, xatarlarga qarshi kurashish, kasallikning tarqalishini oldini olish, yurtimizda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash ishlariga munosib hissa qo'shishmoqda. Albatta, bu tahsinga loyiqdir.
Bugun ana shu fidoyi, jonkuyar shifokorlarimizning bayrami, ya'ni tibbiyot xodimlari kuni. Ushbu munosabat bilan Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida tizimda faoliyat olib borayotgan shifokor xodimlarni taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
Unda dastlab, ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonovning tabrigi o'qib eshittirildi. Shundan so'ng, o'z xizmat vazifasiga sidqidildan yondashib, biriktirilgan kontingentga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish, ularning salomatligini mustahkamlash, mamlakatimizda kuzatilayotgan epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish ishlariga qo'shgan salmoqli hissasi uchun bir guruh tibbiyot xodimlari vazirlikning hamda viloyat IIBning faxriy yorlig'i, pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Darvoqe, tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan boshqarma tibbiyot bo'limi davolash profilaktika muassasalari poliklinika shifokor-otorinolaringologi Shaxnoza Qurbonova "O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash a'lochisi" ko'krak nishoniga munosib Ko'rildi. Tadbirda hamda esdalik sovg'alari bilan mukofotlandi.
Bugungi kunda viloyat IIB huzuridagi tibbiyot bo'limida 70 dan ortiq shifokor va o'rta tibbiyot xodimlari ichki ishlar boshqarmasi xodimlari va ularning oila a'zolariga, nafaqadagi faxriylarga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatishmoqda. Shuningdek, viloyat prokuraturasi, Adliya va bojxona boshqarmasi, Termiz xaxt bataloni ham mazkur bo'limga biriktirilgan. Bugungi kunda tibbiyot bo'limida barcha zamonaviy tibbiy uskunalar hamda laboratoriya ishlab turibdi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati