19 Fevral 2025 yil 408

Besh tashabbus olimpiadasi va Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari sport musobaqalariga start berildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda har yili yoshlarning noyob qobiliyat va iqtidorlarini keng namoyish etish, yangi iste’dodlarni kashf qilishga qaratilgan "Besh tashabbus olimpiadasi" o‘tkazib kelinmoqda. Bu yildan esa davlat rahbarining yana bir tashabbusi - "Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari" sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Bugun Termiz shahrida joylashgan Prezident maktabining yangidan rekonstruksiya qilingan sport majmuasida "Besh tashabbus olimpiadasi" va "Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari" sport musobaqalarining 2025 yilgi mavsumiga start berishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligida viloyat sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchi yoshlar hamda o‘quvchilar ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda hududiy studiyalar orqali tumanlar ham ulandi. Viloyat rahbari so‘zida yoshlarga bu yilgi sport musobaqalari va tanlovlarda omadlar tilab, "Besh tashabbus olimpiadasi" va "Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari" musobaqalarining viloyat bosqichini ochiq deb e’lon qildi.

Ma’lumot uchun, "Besh tashabbus olimpiadasi" o‘tgan yilgi mavsumida vohamiz yoshlari jami 39 ta shundan, 15 ta oltin, 17 ta kumush va 7 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishib, umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlar mahallalarida jami 91 ta sport maydonchalari qurib berildi.

Text to speech