17 Yanvar 2022 yil 638

Bayram munosabati bilan munosiblar taqdirlandi

O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining o'ttiz yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tantanali tadbir bo'lib o'tdi. Tantanali tadbirda boshqarma sohaviy xizmatlari rahbarlari, shaxsiy tarkib va shahar-tuman ichki ishlar bo'limlari xodimlari ishtirok etishdi.
Ushbu tadbirni viloyat IIB boshlig'i polkovnik Abduvohid Ismoilov kirish so'zi bilan ochib, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining soha vakillariga yo'llagan bayram tabrigini o'qib eshittirdi.
Shundan so'ng, ichki ishlar organlari tizimlarida samarali xizmat qilib, hamkasblariga o'rnak bo'layotgan bir guruh viloyat ichki ishlar organlari xodimlariga O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yuksak mukofotlari topshirildi. Jumladan, Ichki ishlar vazirining buyrug'iga binoan bir guruh xodimlar "A'lo xizmatlari uchun", I - II - III -darajali "Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun" ko'krak nishonlari hamda "Faxriy yorliq", qo'l soati, pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Farmoni asosida ta'sis etilgan O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda 14 yanvar – "Vatan himoyachilari kuni" bayrami munosabati bilan "O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 30 yil" esdalik nishoni bilan bir qator ichki ishlar organlari rahbar va xodimlari mukofotlangan bo'lsa O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 13 yanvar kunidagi farmoni bilan mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini yuksaltirish, Vatanimiz mustaqilligi, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ko'z qorachig'idek asrash, professional milliy armiyani shakllantirish, harbiy xizmat nufuzini oshirishdagi katta xizmatlari, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, xalqimiz osoyishtaligini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ibratli faoliyati, sharafli va muqaddas burchini bajarishda mardlik va jasorat ko'rsatgani, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yuqori mahoratga ega kadrlarni tayyorlashga qo'shgan munosib hissasi uchun "Jasorat medali" bilan Surxondaryo viloyati IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi uchinchi ishg'ol qilish guruhi komandirining o'rinbosari katta serjant Loyloqov Ixtiyor Boymurodovich hamda Surxondaryo viloyati Termiz shahar IIB huzuridagi qo'riqlash bo'limi bank muassasalarini qo'riqlash bo'yicha milisiya rotasining vzvod komandiri marhum kichik serjant Esanov Akbar Jabborovichlar mukofotlandi.
Bundan tashqari, "O'zbekiston yoshlari forumi-2021" haftaligi doirasida, harbiy qism muassasalaridagi boshlang'ich tashkilot etakchilari o'rtasida o'tkazilgan "Yilning eng faol yoshlar etakchisi" ko'rik-tanlovi g'oliblari aniqlandi.
Ko'rik-tanlovning viloyat bosqichida bilim va ko'nikmalari, liderlik qobiliyati, amalga oshirgan loyihalari va ish-faoliyatida erishgan natijalari bo'yicha saralangan etakchilar Respublika bosqichida ishtirok etish uchun 4 ta shart asosida qizg'in bellashuv olib borishdi. Belleshuv natijalariga ko'ra 1-o'rinni Surxondaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi yoshlar yetakchisi - Qurbonaliev Bekzod Abdumalik o'g'li egallab, g'oliblikni qo'lga kiritganligi uchun mukofotlandi.
Tadbir davomida, jinoyatchilikka qarshi kurashish, ichki ishlar organlari obro'sini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o'z xizmat vazifalariga vijdonan yondashib hamkasblariga o'rnak bo'lib kelayotgan bir qator ichki ishlar organlari xodimlariga Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'ining pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech