Ajrim yechim emas: Termiz tumanida ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning muammolari o‘rganildi
Inson hayoti davomida eng yaqini va eng qadrlaydigani bu oila. Oila bu jamiyatning eng kichik bo‘lagi va uning asosi hisoblanadi. Bizning milliy mentalitetimizda oila muqaddasligi, uni asrash kerakligi qon-qonimizga singib ketgan.
Ammo, bugungi kunda ushbu muqaddas qo‘rg‘onni asrab-avaylamasdan, uni buzishga qaror qilayotgan, ajrashib, bolalarni tirik yetim qilayotganlar ham yo‘q emas. Ana shunday oilalarning muammoasini o‘rganish, ajrim yoqasida turgan oilalar bilan suhbatlashib, ularga yarashish uchun imkon berish maqsadida “Ajrim yechim emas” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.
Termiz tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Ma’rifat Rasulova, Termiz tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Sayyora Muhammadieva va boshqa mas’ullar ishtirokida ajrim yoqasidagi oilalar bilan o‘tkazilgan suhbat avvalida ularga ajrashgan oilalarning taqdiri haqidagi ta’sirli videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng har bir oila bilan alohida suhbat o‘tkazilib, ularning muammolari o‘rganildi.
Eng achinarlisi, o‘rtada norasida go‘daklar bo‘la turib, maishiy, oilani buzishga arzimaydigan sabablar bilan ham ajrashmoqchi bo‘lgan juftliklarning borligidir. Suhbatlar davomida oila vakillariga tushuntirishlar, oilani saqlab qolish, oilaviy muammolarning yechimi borasida taklif va tavsiyalar berildi.