28 Yanvar 2023 yil 526

Qarorga munosabat: Adolatli prinsip — nomzodlarni tanlashda muhimdir

Biz yashayotgan bugungi jamiyatda barcha islohotlar, sa’y-harakatlar natijasi inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Negaki, insonning qadr-qiymati ustun qo‘yilgan joydagina ijtimoiy adolat o‘rnatiladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 yanvardagi «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori negizida ham ayni shu maqsad yotgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorda bugun mazkur tizimda xizmat qilayotgan xodimlarni yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, o‘z burchiga sodiq, halol, vatanparvar etib tarbiyalash, shu orqali aholining ham roziligiga erishish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, tizimda  korrupsiya, tamagirlik, manfaatlar to‘qnashuvi kabi holatlarning oldini olish, faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga ham e’tibor qaratiladi.

Bunday natijaga erishish uchun esa qaror bilan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi Kodeksi tasdiqlandi. Mazkur Kodeksda belgilangan qoida va talablarga amal qilish xodimning xizmat faoliyati samaradorligi va xizmat intizomini baholashning asosiy mezoni bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham har bir xodim Kodeksdagi qoida va talablarni bilishi, ularga qat’iy va so‘zsiz amal qilishi majburiy hisoblanadi.

Ayniqsa, qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti tashkil etilgani hamda uning faoliyatiga oid nizom tasdiqlangani ushbu yo‘nalishdagi ishlarni to‘g‘ri o‘zanga solishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Aynan ushbu tashkil etilgan Departament ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilish bo‘yicha nomzodlarni tanlashning adolatli, xolis va shaffof tizimini yaratib, o‘rnatilgan tartiblarni tubdan soddalashtirish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. Shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni "ta’lim muassasasidan – xizmatning oxiriga qadar” tamoyili asosida tizimli va uzluksiz tashkil etish orqali ularning samaradorligi hamda ta’sirchanligini oshirish ustida bosh qotiradi.

Sir emas, xizmatning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida manzilli psixologik tadbirlarning zamonaviy usullarini tatbiq etishda, lavozimga tayinlash va attestatsiya o‘tkazish jarayonlarida mutaxassis-psixologlarga ehtiyoj sezilmoqda. Nizom talablariga ko‘ra, ularning roli yanada oshiriladi. Bu esa ichki ishlar organlarida istiqbolli yosh rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishning yangi tizimini joriy etishda, ularning faoliyatini tizimli monitoring qilish va doimiy ravishda o‘qitib borish mexanizmlarini yaratishda qo‘l keladi.

Qolaversa, mazkur hujjatda ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishning uzluksiz tizimini yaratishga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, uni baholash yangi mezonlar asosida amalga oshiriladi.

Umuman olganda, har bir soha vaqti-vaqti bilan isloh qilinib borilsa, unda rivojlanish bo‘ladi. O‘ylaymanki, ushbu qaror va uning bilan tasdiqlangan Kodeks hamda Nizomlar ichki ishlar organlari tizimida tub burilish yasashiga va eng muhimi, xalqchil tuzilmaga aylanishiga xizmat qiladi.

Sherzod ShADIEV,

Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari-ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i, podpolkovnik

Text to speech