Angor tumanida sodir etilgan jinoyat Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i huzurida muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 sentabrda “Jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni muhokama qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 565-sonli qarori tasdiqlangan.
Mazkur qarorga asosan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar hamda muassasalar ishtirokida jinoyatlarning sabablarini o‘rganish, ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish masalalarini joyiga chiqqan holda «mahallabay» va «sohabay» muhokama qilish tartibi joriy etilgan.
Shunga ko‘ra Angor tumani “Sharqguli” mahallasida sodir etilgan qotillik jinoyatining muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhokamada, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik A.S.Ismoilov, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik M.M.Boltaev, tuman sektor rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari, vaqtincha ishlash maqsadida xorijiy davlatlarga ketgan shaxslarning oila a’zolari, tuman IIBda profilaktik hisobda turuvchi shaxslar, tumandagi 36 mahalla fuqarolar yig‘inlarining 5 talik faollari, jinoyat sodir etilishiga sababchi bo‘lgan fuqarolar va boshqa tegishli mutasaddilar ishtirok etdi.
Muhokama chog‘ida jinoyatning kelib chiqish sabablari va sharoiti haqida so‘z yuritildi. Bu kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish uchun har bir mahallada ishlarni jadallashtirish lozimligi, har bir rahbar loqaydlik va beparvolikka berilmay o‘z xizmat vazifasini mas’uliyat bilan bajarishi kerakligi alohida ta’kidlandi. Mahalladagi beshlik hududda kelib chiqayotgan muammo va turli nizolarni vaqtida o‘rganib, ularni bartaraf etishga mas’ul ekanligi va boshqa masalalar yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati