8 Dekabr 2022 yil 375

Angor tumanida sodir etilgan bosqinchilik jinoyati keng jamoatchilik oldida muhokama qilindi

Kuni kecha Angorr tumani Madaniyat uyi binosida, tumanning “Navbahor” mahallasida 2022 yil 26 noyabr kuni sodir etilgan bosqinchilik jinoyati muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari podpolkovnik Ikromjon Tursunov, sektor rahbarlari, barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, faollari, ichki ishlar organlari xodimlari, nuroniylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Muhokama yig‘ilishida dastlab, sodir etilgan jinoyat tafsilotlari haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, D.Rasulova (ism-shariflar o‘zgartirildi)ning yashash uyiga tungi 1:00 atrofida 3 nafar noma’lum shaxslar yuziga niqob taqqan holda, qo‘llarida qo‘lqop va yog‘och bita bilan uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uy egalariga qo‘llarida bo‘lgan bita bilan hayot uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazish bilan qo‘rqitib, ulardan pul va boshqa moddiy qimmatliklarni berishini talab qilishadi. O‘sha vaqtda uyda D.Rasulovaning onasi hamda voyaga yetmagan qizi uyquda bo‘lishadi. Bosqinchilar D.Rasulovaning onasi S.Xamraevaning boshi va qo‘llariga tan jarohati yetkazib, uning bo‘ynidagi 1 dona 75 grammli tilla zanjiri, 1 dona 25 grammli tilla bilak uzugi, 1 dona tilla ziragini va 1 dona “Redmi 9” rusumli telefon apparatini olishadi. Yana D.Rasulovani tayoq bilan boshiga va tanasining turli joylariga bir necha marotaba urishib, yashash uyida bo‘lgan ichki qulf bilan qulflangan temir seyfni xonadon egasiga ochirtirib, ichidagi 1 litrlik bankaga solingan jami og‘irligi 500 gramm bo‘lgan 2 juft brilliant tilla zanjir, 3 dona brilliant tilla bilak uzuk, 20 donadan ortiq tilla uzuklarni, shuningdek S.Hayitovaga tegishli bo‘lgan 1 dona kodlanib qulflanadigan kichkina jomadonli ayollar sumkachasini buzish yo‘li bilan ochib, ichidagi 7.000 AQSh dollarini, 20 mln. so‘m pulini, 1 dona 10 grammli yozuvli tilla tanga va 100 gramm bo‘lgan tilla taqinchoqlarini, 1 dona sumkasi ichida bo‘lgan 3.050 AQSh dollarini, 45 mln. so‘m va jami 90 gramm bo‘lgan 1 komplekt brilliant ko‘zli taqinchoqlar, 6 dona tilla uzuklarini bosqinchilik yo‘li bilan talon-taroj qilishib, hodisa joyidan yashirinishadi. Olingan tezkor ma’lumotga asosan surishtiruv ishlari olib borilganida, mazkur jinoyatni  tumanning “Qadimiy Angor” mahallasida yashovchi B.O tanishlari S.X va N.X.lar bilan birgalikda sodir etganligi aniqlandi va ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Yig‘ilishda ushbular haqida so‘zlanar ekan, avvalo jinoyatning sabablari, so‘ngra u keltirib chiqargan oqibatlar muhokama qilindi. Hududda aholining hamda mahalla faollari, profilaktika inspektorlarining hushyorligini oshirish lozimligi ta’kidlandi. Bu kabi jinoyatchilikni oldini olish uchun zarur profilaktik tadbirlar ko‘rilishi kerakligi aytib o‘tildi.

Albatta, har qanday jinoyat hech qachon javobsiz, jinoyatchi esa jazosiz qolmaydi. Shuning uchun ham har bir kishi o‘z qilmishining oqibatini o‘ylab, keyin qadam bosmog‘i lozim. Vaholanki biz bugun qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatda yashayapmiz. Demakki, uni chetlab o‘tganlarga nisbatan doim chora ko‘riladi.

Text to speech