Qandli diabet kasalligi va uning belgilari
Qandli diabet (xalq orasida «saxar kasalligi» deb ham aytiladi) — tanada uglevod va suv almashinuvining buzilishi natijasida yuzaga keladigan kasallik. Me’da osti bezi funksiyasi buzilishi oqibati hisoblanadi. Me’da osti bezi insulin gormonini ishlab chiqaradi. Insulin qandni qayta ishlashda qatnashadi. Bu gormonsiz organizm qondagi glyukoza miqdorini me’yorda ushlab tura olmaydi va uning miqdori oshib ketadi. Natijada organizm ortiqcha glyukozani siydik orqali chiqarib yuborishi kuzatiladi. Kasallikni turlash muhim hisoblanadi, chunki bu kasallikning turlari boshlang‘ich davrda bir-biridan tubdan farq qiladi va davolash ham shunga qarab belgilanadi. Kasallik qancha uzoq davom etaversa, uni davolash usullari bir-birga o‘xshab ketaveradi.
1-TIP DIABET
Shuningdek insulinga bog‘liq diabet deyiladi. Ko‘pincha yoshlar, 40 yoshgacha bo‘lgan, ozg‘in odamlar aziyat chekadi. Kasallik og‘ir kechadi, davolash uchun insulin beriladi.
Sababi: organizm me’da osti bezi hujayralarini yo‘q qiluvchi antitana ishlab chiqaradi.
Diabetni 1-turidan butunlay davolanib bo‘lmaydi, lekin ba’zi hollarda bez faoliyatini me’yorda ushlab turib, parhezga amal qilinsa, kasallik bemorni ortiqcha bezovta qilmaydi. Doimiy ravishda sun’iy insulin qabul qilish talab etiladi. Insulin oshqozon-ichak traktida parchalanib ketishi bois, u faqat ineksiya orqali ovqatlanish vaqtida kiritiladi. Qat’iy parhezga amal qilib, ovqat ratsionidan yengil hazm bo‘luvchi uglevodlarni (shakar, shirinliklar, mevali sharbatlar) butunlay chiqarib tashlash ko‘rsatiladi.
2-TIP DIABET
Bu insulinga bog‘liq bo‘lmagan diabet deyiladi. Ko‘pincha yoshi kattalar, to‘laroq, 40 yoshdan o‘tganlar aziyat chekadi.
Sababi: hujayralarning oziq ko‘pligidan insulinga ta’sirchanligining yo‘qolishidir. Kasallikni davolashda har doim ham insulin kerak bo‘lavermaydi. Faqatgina malakali shifokor davolash tartibini belgilay oladi.
Avvalo bunday bemorlarga parhez buyuriladi. Shifokor tavsiyasiga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Tana vaznini me’yorga kelguncha asta-sekin, oyiga 2-3kg tushirib borish tavsiya etiladi. Parhezga amal qilmaganda qonda shakar miqdorini tushiruvchi dorilar, eng og‘ir hollarda insulin buyuriladi.
QANDLI DIABET BELGILARI VA ALOMATLARI
Kasallik belgilari bosqichma-bosqich rivojlanadi va sekinlik bilan namoyon bo‘la boshlaydi. Asosan qonda glyukoza miqdorining yuqori bo‘lishi kuzatiladi.
Bemorlarda kasallik paydo bo‘la boshlanganida quyidagi alomatlar qayd etiladi:
- Og‘izning doimiy qurishi;
- Qondirib bo‘lmas chanqoqlik;
- Kunlik siydik ajralishining oshishi;
- Tana vaznining kamayishi yoki birdan oshib ketishi;
- Kuchli teri qichishi va quruqlashishi;
- Teri va yumshoq to‘qimalarda yiringli yarachalar paydo bo‘lishi;
- Mushaklarning kuchsizligi va haddan tashqari terlash;
- Har qanday yaralarning qiyin bitib ketishi.
Bu belgilar uchraganda shifokor huzuriga borish tavsiya etiladi. Kasallik jiddiy asoratlar qoldirishi va koma holatigacha olib borishi mumkin. Kasallik asoratlariga quyidagilarni misol tariqasida keltirish mumkin:
- Ko‘rishning buzilishi;
- Bosh og‘rig‘i va aqliy faoliyat pasayishi;
- Yurak og‘rig‘i, jigarning kattalashishi;
- Oyoqlardagi og‘riq va yurishning buzilishi;
- Teri, ayniqsa, oyoqlarda sezgirlik kamayishi;
- Yaralar paydo bo‘lishi;
- Qon bosimining oshishi;
- Yuz va oyoq shishishi;
- Kasaldan aseton hidi kelishi;
- Bosh aylanishi.
SABABLARI
Kasallik rivojlanishining asosiy sabablari quyidagilar:
- Irsiyat. Albatta, kasallik ta’sir etuvchi omillar bo‘lmaganda rivojlanmaydi, lekin moyillik yuqori bo‘ladi.
- Semizlik. Ortiqcha vazn ikkinchi turdagi diabet shakillanishiga olib keladi.
- Kasalliklar. Insulin ishlab chiqarish uchun javobgar beta hujayralarini shikastlanishiga olib keluvchi kasalliklar. Ularga pankreatit, me’da osti bezi saratoni, boshqa endokrin bezlar kasalliklari kiradi.
- Virusli infeksiyalar(qizamiq, suvchechak, yuqumli gepatit va boshqa kasalliklar). Ushbu infeksiyalari diabet rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Ayniqsa, xavf ostida bo‘lgan odamlar uchun.
- Asabiylashish, stress. Stress, asabiylashishdan yiroq bo‘lish tavsiya etiladi.
- Yosh. Yosh ortishi bilan har o‘n yilda diabet rivojlanish xavfi ikki baravar ortadi.
Bu ro‘yxatga ikkilamchi diabet chaqirishi mumkin bo‘lgan omillar kiritilmagan, chunki asosiy omil bartaraf etilganda kasallik ham tuzalib ketadi.
yozuvlarga qarab kasallik qanday kechayotganini, asoratlar og‘ir-yengilligini bilib, farqlash mumkin.
DIABETIK NEYROPATIYa
Bu qo‘l-oyoqlarning og‘rishi, achishi yoki sezuvchanligini pasayib ketishi bilan namoyon bo‘ladi. Sababi nerv to‘qimalarining oziqlanishi buzilishidir. Nerv faoliyatini tiklash uchun tiokta kislotasi saqlagan preparatlar yordam beradi. U tanadagi uglevod va lipid almashinuvini tiklaydi va asab to‘qimalarining fiziologik jarayonlari normallashtiradi.
KOMA
Koma juda tez rivojlanishi mumkin. Eng keng tarqalgan diabetik koma — ketoatsidotik komadir. Bu qondagi zaharli moddalarning miqdori yuqoriligi natijasida kelib chiqadi va bunday hollarda zudlik bilan bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilishi shart.