Aka rashk sabab, cho'ponni urdi
Muzrabot tumanida 2020 yilning 23 iyun kuni, Sherobod tumanida yashovchi cho'pon B.E. o'zining mahallasida yashovchi fuqarolardan chakana pul evaziga qo'ylarini boqib berish sharti bilan olgan 460 (to'rt yuz oltmish) bosh qo'ylarni Muzrabot tumani "Fayzobod" mahallasi hududidagi g'alladan bo'shagan dala maydoniga boqishga kelib, shu kuni 24 iyun kuniga o'tar kechasi taxminan soat 23.30 lar chamasida, ushbu dalada qo'ylarini boqib bo'lib, dam olayotganida uning yoniga, Muzrabot tumanida yashovchi fuqarolar N.B., O.N., B.Sh. va T.O.lar kelishib, N.B. B.E.ga "nima uchun singlim bilan telegramda yozishgansan, nima akasi yo'q deb o'yladingmi?"deb aytib, uning yuzi va qorin sohalariga qo'llari bilan bir necha marotaba urib, "o'rtacha og'irlikda"gi shikast etkazadi. Shundan keyin B.E.ning yonida bo'lgan 1 dona "Nokia-1200" rusumli uyali telefon apparatini tekshirib ko'rishlik uchun hamda B.E. ularning oldidan qochib ketganligi sababli N.B. uni qaytib kelishini maqsad qilib, qo'ylari orasidan bir bosh qo'yni o'zi bilan olib ketadi. Ammo B.E. ularning oldiga qaytib kelmaganligi sababli, olib qo'ygan bir bosh qo'yni daladagi tashlandiq binoga tashlab ketganligi aniqlangan. 24 iyun kuni o.N.dan 1 bosh qo'y va "Nokia-1200 rusumli uyali telefon apparati ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan. Mazkur holat yuzasidan, 2020 yilning 26 iyun kuni N.B. va boshqalarga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi "i" bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati