Aholi muammosi va murojaatlari o'rganilmoqda
Termiz tumani aholisining muammolarini o'rganish va ularni ijobiy hal qilish maqsadida, Termiz tumani hududidagi "Otchopar" o'yingohida sayyor qabul tashkil etildi.
Ushbu sayyor qabulda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudoyberganov boshchiligidagi Oliy sud sudyalari, ichki ishlar, prokuratura, bandlik, xotin-qizlar masalalari bo'yicha vazirliklardan tashrif buyurgan vakillar, viloyatdagi tegishli boshqarma va jamot tashkilotlari mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.
Ichki ishlar tizimiga bog'liq bo'lgan masalalar bo'yicha, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi mas'ul xodimlari tomonidan fuqarolarning murojaatlari qabul qilindi.
— O'zbekiston Respublikasiga 1992 yilda Tojikistondan oilam bilan birga ko'chib kelganman, — deydi "Qoraxon" mahallasida yashovchi Ismoil Mamadiyorov. — Jarqo'rg'on tumanida doimiy ro'yxatdan o'tganmiz. Ammo Termiz tumanida yashaganligim, e'tiborsizlik sabab o'sha yili ikala hududning ham xo'jalik kitobiga kiritilmay, 1996 yilda kiritilganman. Endilikda o'zim va farzandlarim O'zbekiston fuqaroligini olishimiz uchun zarur hujjatlarni to'pladim. Biroq Jarqo'rg'on tumanidagi mahalla xo'jalik kitobida yo'qsiz deb, ma'lumotnoma bermayotgandi. Sayyor qabulda ushbu bo'yicha murojaat qilgandim, shu erning o'zida hal qilishdi va hujjatlarimni qabul qilishdi.
Sayyor qabulga har bir bir odam o'zining muammosini ijobiy hal qilish umidada kelgan, albatta. Ammo ularning qilgan murojaatlarining ayrimlari joyida ijobiy hal etilsa, ayrimlari esa ma'lum muddat talab qiladigan masalalar. Yana bir guruh fuqarolarga esa murojaati yuzasidan huquqiy tushuntirishlar ham berildi.
Fuqarolarning murojaatlarini o'rganish maqsadida, Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudoyberganov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan joylarda sayyor qabullar davom etmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati