Afv etilganlar ijtimoiy hayotga yo'naltirilmoqda
Adashib jinoyat yo'liga kirgan va sodir etgan qilmishidan chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni to'g'ri yo'lga, oilasi bag'riga qaytarish o'zini insonparvar davlat, deb biladigan har qanday mamlakat oldidagi muhim masalalardan biridir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2020 yilning 21 may kunidagi "ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida"gi PF-5498-sonli Farmoniga muvofiq, 258 nafar fuqaroning jazoni ijro etish muassasalaridan o'z uylariga qaytarilishi ko'plab oilalarga qo'shaloq bayram shukuhini ulashdi.
Afv etilganlar orasida 8 nafar surxondaryolik mahkumlar ham bo'lib, ular orasidan bir nafari berilgan asosiy jazodan to'liq, etti nafari esa berilgan jazo muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, o'z uylariga qaytarilishi ularning onalari, ayollari, farzandlari qalbini shodlikka to'ldirdi.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi To'ra Bobolov hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i Abduvohid Ismoilov bilan birgalikda ana shu 8 nafar surxondaryolik afv etilganlarni qabul qilib ularning ijtimoiy muammolari o'rganildi.
Qabulda viloyat hokimi afv etilganlarga xalqimizga xos bag'rikenglik fazilatini namoyon etgan Prezidentimizning ishonchini oqlab, jamiyatda o'z o'rnini topishi, yuz berayotgan o'zgarish va yangilanishlarning faol ishtirokchisi bo'lishi lozimligini ta'kidladi.
– Dunyoda ozodlikdan ulug'roq ne'mat yo'q ekan. Shu ne'mat tufayli biz yaqinlarimiz qurshovida baxtli hayot kechirarkanmiz, – deydi afv etilgan mahkumlardan biri Abdurasul Shakirov. – Men o'z qilmishidan chin ko'ngildan pushaymonman. Prezidentimiz men kabi adashganlarni afv etib, to'g'ri yo'lga tushishimiz uchun imkoniyat berdilar. Endi faqat halol mehnat bilan el-yurtga foyda keltiraman.
Ha, inson hayotda bilib-bilmay xatoga yo'l qo'yishi mumkin. Lekin mutafakkirlar aytganidek, "xatolar, agar ularni tan olib, pushaymon bo'lishga bo'yin yor bersa, hamisha kechirimlidir".
Qabulda To'ra Bobolov mutasaddilarga afv etilganlarni ijtimoiy moslashtirish, moddiy-ma'naviy qo'llab-quvvatlash, ularning bandligini ta'minlash va shu kabi boshqa hayotiy masalalarda amaliy yordam berish yuzasidan tegishli ko'rsatmalar berib o'tdi.